Isroil zarbasi Eron janubidagi Hurmuzgon viloyatiga qarashli Minab shahridagi qizlar boshlang‘ich maktabiga kelib tushdi. Al Jazeera nashrining yozishicha, hujum oqibatida kamida 53 kishi halok bo‘lgan.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi hujum joyi suratini e’lon qilib, zarba qizlar maktabini vayron qilgani va «beayb bolalar» halok bo‘lganini aytdi.

«Eron xalqiga qarshi bu jinoyatlar javobsiz qolmaydi», deb yozdi Aroqchi.

Eron davlat axborot agentligi vayronalarni tozalash ishlari davom etayotganini xabar berdi. Shanba kungi hujumda yana 63 kishi yaralangan. Zarba mamlakat bo‘ylab amalga oshirilayotgan AQSh–Isroil qo‘shma harbiy amaliyotlar to‘lqinining bir qismi bo‘lib, mintaqada zo‘ravonlik avj olishiga sabab bo‘lmoqda.

Alohida holda, Tehron sharqidagi maktabga berilgan Isroil zarbasi natijasida kamida ikki nafar o‘quvchi halok bo‘lganini xabar qilindi.

Tehrondan xabar berayotgan Al Jazeera muxbiri Muhammad Valning aytishicha, bu hujumlar AQSh va Isroilning «faqat harbiy nishonlarni nishonga olyapmiz, rejimni jazolaymiz, xalqni emas» degan bayonotlarini shubha ostiga qo‘yadi.

Eron Qizil Yarimoy jamiyati matbuot kotibi Mojtaba Xalediyning ma’lum qilishicha, AQSh va Isroil zarbalari Eronning 31 viloyatidan 20 tasiga ta’sir ko‘rsatgan.

«Qizil Yarimoyning barcha yordam bazalari, tez yordam jamoalari, vayronalarni tozalash guruhlari, qidiruv-qutqaruv bo‘linmalari va tibbiy xizmatlari to‘liq shay holatda,» dedi u. «Odamlar zarba joylaridan kamida 100 metr uzoqlikni saqlashi va u yerlarga to‘planmasligi kerak».

Minabdagi qizlar maktabiga berilgan zarba oqibatlari / Foto: IRNA News