Jamiyat | 12:16
1714
1 daqiqa o‘qiladi

48 nafar o‘zbekistonlik Doha aeroportida qolib ketdi

Qatar havo hududining vaqtincha yopilishi sabab Toshkentga qaytayotgan 48 nafar o‘zbekistonlik Doha xalqaro aeroportida qolib ketdi. Elchixona ma’lum qilishicha, vaziyat nazoratga olingan va fuqarolar vaqtinchalik mehmonxonalarga joylashtirilgan.

Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, 28 fevral kuni Qatar havo hududining vaqtincha yopilishi oqibatida Toshkentga qaytishi kerak bo‘lgan 48 nafar fuqaro Doha aeroportida qolib ketgan. Aviakompaniyalar favqulodda vaziyat tufayli yo‘lovchilarni mehmonxona bilan ta’minlay olmagan sharoitda elchixona xodimlari zudlik bilan aeroportga yetib borib, zarur choralarni ko‘rgan.

Olib borilgan muzokaralar natijasida fuqarolar, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali yordam so‘ragan vatandoshlar ham vaqtinchalik mehmonxonalarga joylashtirilgan.

Qatar havo hududi ochilib, parvozlar tiklanishi bilan fuqarolarning vatanga xavfsiz qaytishi ta’minlanishi ta’kidlandi. Qayd etilishicha, vaziyat elchixonaning doimiy nazoratida bo‘lib, yo‘lovchilar ro‘yxati muntazam yangilab borilmoqda.

Diplomatik vakolatxona fuqarolarni vahimaga tushmaslikka, faqat rasmiy manbalarga tayanishga, xavfsizlik yuzasidan odamlar gavjum joylardan saqlanib, mahalliy qonun-qoidalarga amal qilishga chaqirdi.

Murojaat uchun elchixona konsuli Otabek Murodov bilan bog‘lanish mumkin: +974 5141 1001.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid