Isroil va Fors ko‘rfazi davlatlarida nimalar bo‘lmoqda?
2 martga o‘tar kechasi Eron Isroilga va Amerikaning mintaqadagi bazalariga hujumlarning yangi – to‘qqizinchi to‘lqinini amalga oshirdi. Isroilda portlash ovozlari eshitilgan, hujum oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Shuningdek, Dubay, Doha va Bahraynda ham portlashlar sodir bo‘lgan.
The Wall Street Journal nashri amerikalik yuqori martabali mulozimga asoslanib xabar berishicha, Eron dronlari Iroq shimolidagi Arbil aeroportiga ham hujum uyushtirgan – bu yerda AQSh harbiy bazasi joylashgan. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, bazaga jiddiy shikast yetmagan, jarohatlanganlar yo‘q. AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi aeroport bo‘ylab zarba berilgani faktini tasdiqlagan.
Kuvaytda Amerikaning F-15 rusumli qiruvchi samolyoti qulab tushgan. Ijtimoiy tarmoqlarda qulayotgan samolyot aks etgan kadrlar paydo bo‘lgan. Jurnalistlarning aniqlashicha, bu Al-Jahra shahridan g‘arbda ro‘y bergan. Kadrlarga ko‘ra, uchuvchilardan kamida bir nafari katapulta qilingan va omon qolgan. Erondagi Tasnim agentligi manbaga asoslanib, ushbu samolyot urib tushirilganini xabar qildi. Amerika harbiylari hozircha hodisa yuzasidan izoh bermadi.
Bu vaqtda Kuvayt mudofaa vazirligi mamlakat hududida Amerikaning bir necha qiruvchi samolyoti halokatga uchragani haqida xabar tarqatdi. Shu bilan birga, uchuvchilarning barchasi omon qolgani aytilgan. Boshqa tafsilotlar keltirilmagan.
AQSh qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligiga ko‘ra, Eronda harbiy amaliyot boshlanganidan buyon amerikalik harbiylar mingdan ortiq nishonga zarba bergani va bunda 20 dan ortiq samolyotlar, kemalar, raketalar va boshqa tizimlar, jumladan, B-2 Spirit strategik bombardimonchi samolyotlari hamda «oshkor etilmaydigan maxsus imkoniyatlar»dan foydalangan.
Mojaro tomonlari nimalar demoqda?
Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy mamlakat AQSh bilan hech qanday muzokara o‘tkazmasligini ma’lum qildi. U bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida The Wall Street Journal nashrining Larijoniy O‘mon orqali Oq uy bilan muzokaralarni tiklash tashabbusini bildirgani haqidagi xabaridan iqtibos keltirilgan tvitga javoban yozdi. Bir kun oldin Tramp ham The Atlantic uchun bergan intervyusida Eronning yangi rahbariyati muzokaralarni qaytadan boshlashni so‘ragani va bunga rozi bo‘lganini aytgandi.












