Surxondaryolik bir guruh nogironlar najot izlab Toshkentga kelishdi. Ularga bir paytlar davlatdan sovg‘a deb berilgan xonadonlar aslida kredit bo‘lgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bu insonlar kreditni qanday to‘laydi?
Kun.uz bu masalani avvalroq bir guruh boshqa qumqo‘rg‘onliklar misolida yoritgan edi. O‘shanda, 2025 yil dekabrida Unicon-Soft kompaniyasi homiy sifatida 8 kishining kreditini yopib bergan edi.
Kuni kecha murojaat bilan kelgan vatandoshlarga quloq tutamiz.
“Oilada uch nogironmiz, kreditni qanday to‘laymiz?”

Zuhra Eshmamatova: Biz Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidan kelganmiz. Xo‘jayinim birinchi guruh nogironi, uning pensiyasini olib qo‘yishyapti. Buning ortidan “davleniya” orttirib olgan. Uchta voyaga yetmagan farzandimiz bor, biri nogiron. Oilada uchta nogironmiz. Bolamning ukol-dorisini qilaymi, kommunal to‘lovlarini to‘laymi, qanday kun ko‘ramiz? Uydan chiqarib yuborsa, uchta nogiron qayerga sig‘amiz? Yordam berishlarini so‘raymiz. Ukol-dorimizdan orttira olmayapmiz.
Oyiga 1,87 million so‘m to‘lov chiqib kelgan. 14 million 800 ming mebelga ham chiqib kelgan. To‘lolmaganimiz uchun mebelimizni olib ketib qoldi. Ikkita gilamga ham mana, chiqib o‘tiribdi, gilamga ham sudga oshib ketgan. 4 million 800 mingni to‘laysan deb o‘tiribdi. Uyga to‘laylikmi, gilamga to‘laylikmi?
“Plastikdagi pullarni bir so‘m qoldirmay yechib olyapti”

Nurbek Rahmonov: Biz Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidan kelganmiz, Bog‘ora mahallasidan. Bizga ham shu 2018 yil sovg‘a deb uy berildi. Keyin “to‘la” deyishdi. O‘zim ko‘z bo‘yicha birinchi gruppaman, ayolim ikkinchi gruppada. Voyaga yetmagan ikkita farzandimiz bor. Pensiyalarimizni ham kesib ketyapti. Plastikdagi pullarni ham kesib ketyapti, bir so‘m qoldirmay.











