Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ispaniya bosh vaziri Erondagi urushga qarshi pozitsiyasini tasdiqladi
Ispaniya AQSh va Isroilning Eronga qarshi davom etayotgan urushi - “insoniyat fojiasi”ga qarshi chiqmoqda, dedi Ispaniya bosh vaziri Sanches. U Trampning Madrid bilan savdoni to‘xtatish tahdidlariga javoban o‘tmishdagi “xatolar”ni takrorlamaslikka chaqirdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp tahdidlariga qaramay, Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches o‘z pozitsiyasidan qaytmayapti va AQSh hamda Isroilning Eronga qarshi urushiga tanqidiy munosabat bildirmoqda. Ispaniya Eron bilan davom etayotgan urush — “insoniyat uchun halokat”ga qarshi, dedi u 4 mart, chorshanba kuni ispan xalqiga telemurojaatida.
Sanches “o‘tmish xatolari”ni takrorlamaslikka chaqirdi va bu bilan 2003 yilda AQSh ishtirokida xalqaro koalitsiyaning Iroqqa bostirib kirishini nazarda tutdi. Uning aytishicha, o‘sha urush e’lon qilingan maqsadlarga erishmagan, ammo mintaqada beqarorlikka olib kelgan va aholi hayotini og‘irlashtirgan.
“Ispaniya hukumati pozitsiyasini shunday so‘zlar bilan ifoda etish mumkin: ‘urushga yo‘q’. Biz faqat qasosdan qo‘rqqanimiz uchun tinchlikka zarar yetkazadigan, qadriyatlarimiz va manfaatlarimizga zid bo‘lgan ishda sherik bo‘lmaymiz, — dedi Sanches. — Katta insoniy fojialar aynan shunday boshlanadi”.
Ispaniya bosh vaziri “millionlab odamlar taqdiri bilan rus ruletkasi o‘ynamang”, dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu pozitsiyani “ko‘plab boshqa hukumatlar” hamda “Yevropa, Shimoliy Amerika va Yaqin Sharq bo‘ylab millionlab fuqarolar — yangi urushlar va ertangi noaniqlikni istamaydiganlar” qo‘llab-quvvatlayapti.
Yevrokomissiya Madrid bilan yakdil ekanini bildirdi. Idora vakili aytishicha, Bryussel “Yevropa Ittifoqi manfaatlarini himoya qilishni ta’minlaydi” va “umumiy savdo siyosati doirasida harakat qilishga tayyor”. Shuningdek, Bryusselda AQSh o‘tgan yozda YeI bilan tuzilgan savdo kelishuviga rioya qilishi shartligi eslatildi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Tramp tahdidlari fonida Sanchesni qo‘llab-quvvatladi. Yelisey saroyi ma’lum qilishicha, Makron Ispaniya bosh vaziri bilan muzokara o‘tkazib, AQSh tomonidan “yaqinda aytilgan iqtisodiy majburlash tahdidlari”ga qarshi Fransiyaning “yevropacha yakdilligi”ni bildirgan.
Bundan bir kun oldin Vashingtonda GFR kansleri Fridrix Mers bilan uchrashuvda Tramp Ispaniya bilan “butun savdoni uzib tashlashi”ni aytgan va Ispaniya harakatlarini “dahshatli” hamda “juda ham hamkorlikka moyil emas” deb atagan. Bu bilan u Sanchesning AQShga Eronga zarba berish uchun Ispaniya harbiy bazalaridan foydalanishga ruxsat berishni rad etganiga javob qaytargan.
O‘z navbatida, Mers kameralar oldida Ispaniyaga ochiqdan ochiq yakdillik bildirishdan qochdi. Aksincha, u AQSh ma’muriyati bilan Eron yadroviy kelishuvi bo‘yicha umumiy pozitsiya borligini ko‘rsatishga urinib, buni alohida ta’kidladi. Tramp Ispaniyani mudofaa xarajatlarini oshirishdan bosh tortgani uchun tanqid qilganida, Mers uni qo‘llab-quvvatladi va Ispaniya NATO qarorlariga amal qilishi kerakligini bildirdi.
Madridda Mersning Vashingtondagi bayonotlari tanqid qilingach, u Trampga yevropaliklar pozitsiyasini yopiq eshiklar ortida “juda aniq” bayon qilganini va “munozarani omma oldida keskinlashtirish”ni istamaganini tushuntirdi. U shuningdek, NATOga qo‘shilayotgan hissa haqidagi tanqid “Yevropaning savdo kelishuviga erishish borasidagi sa’y-harakatlariga hech qanday aloqasi yo‘q”, deb qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Madrid AQShga Eronga zarba berish uchun o‘z harbiy bazalarini taqdim etishni rad etishini “asossiz va xavfli harbiy intervensiya” deya asoslagan edi.