Yig‘ilishda qayd qilinishicha, o‘tgan yili Sirdaryo viloyati iqtisodiyoti 9,8 foizga o‘sdi. Sanoat ishlab chiqarishida 8,2 foizlik o‘sish ta’minlanib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha viloyat hududlar orasida to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi ham izchil o‘sib bormoqda. 2017 yilda 10 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib, 38,1 million so‘mga yetdi, ya’ni qariyb 3,8 barobarga oshdi. O‘tgan yili viloyatda 42 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilib, ularning umumiy qiymati 333 million dollardan oshdi. Ushbu loyihalar doirasida 17,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Yig‘ilishda Sirdaryoni Xitoy tajribasi asosida ilg‘or innovatsion hududga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Jumladan, Guliston tumanida 300 million dollarlik chorvachilik majmuasi va bolalar uchun oziq-ovqat ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Yangiyer shahrida Fransiyaning “Bonduelle” kompaniyasi bilan hamkorlikda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, raqamli iqtisodiyot, kosmetika sanoati, agrosanoat va qayta ishlash sohalarida ham yangi investitsiya tashabbuslari ishlab chiqilmoqda. Xususan, Shirin shahrida data-markaz, Guliston shahrida inkubatsiya va akseleratsiya markazlarini tashkil etish bo‘yicha loyihalar shakllantirilgan.

Yig‘ilishda joriy yilda viloyatga 3 milliard dollar investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Buning hisobiga yalpi hududiy mahsulotni 9 foizga, sanoatni 8,2 foizga, xizmatlar sohasini 15,4 foizga, qishloq xo‘jaligini 6,8 foizga va qurilish hajmini 15 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yili kambag‘allik darajasi 11,3 foizdan 6,2 foizga tushirildi. Biroq bu ko‘rsatkich hali ham respublika o‘rtacha darajasidan yuqori ekani qayd etildi.
Joriy yilda tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 10 trillion so‘m resurs ajratilmoqda. Mazkur mablag‘lar asosida 185 ming aholini ish bilan ta’minlash, ishsizlik darajasini 4,6 foizgacha, kambag‘allikni esa 3 foizgacha qisqartirish rejalashtirilgan. Guliston, Shirin, Yangiyer shaharlari, Sardoba, Sayxunobod, Sirdaryo va Xovos tumanlarini ishsizlik hamda kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish choralari ko‘riladi.
Bu borada “Mehnatsevar ayol”, “Teng imkon – inklyuziv bandlik”, “Bir mahalla – bir mahsulot” kabi dasturlar doirasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholining daromad manbalarini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.










