Jahon | 13:45 / 07.03.2026
1688
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston mahalla tizimi Britaniyada qiziqish uyg‘otdi

Buyuk Britaniyada xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi o‘rinbosari Javdat Inog‘omov boshchiligidagi delegatsiya Esseks grafligining Brentvud shahri mahalliy boshqaruv kengashi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Dunyo.info

“Dunyo” AA xabar qilishicha, muloqotning asosiy mavzusi mahalliy boshqaruv sohasida o‘zaro tajriba almashish hamda ikki davlatning fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish tizimlari o‘rtasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida Britaniya tomoniga O‘zbekistondagi mahalla institutining o‘ziga xos jihatlari va so‘nggi yillarda ushbu tizimga berilgan keng vakolatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, mahallaning aholi muammolarini hal etish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash hamda jamoatchilik nazoratini ta’minlashdagi o‘rni xorijlik mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Muhokamalar davomida har ikki boshqaruv tizimining afzalliklari tahlil qilindi. O‘zbekiston tizimida mahallaning xalqqa yaqinligi va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlashdagi o‘rni yuqori baholandi. Britaniya tizimidagi institutsional boshqaruv, moliyaviy mustaqillik va vakolatlarning aniq taqsimlanishi esa o‘zbek delegatsiyasi tomonidan diqqat bilan o‘rganildi.

Uchrashuv yakunida o‘zaro tajriba almashishni tizimli davom ettirish, qo‘shma seminarlar va amaliy tashriflarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Qayd etilishicha, mazkur muloqot mahalliy boshqaruvni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish va jamoat manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid