Ko‘ksaroy qarorgohida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbari marosimda nutq so‘zlab, barcha muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillarni samimiy tabrikladi.
– Inson hayotini, jamiyat taraqqiyotini xotin-qizlarsiz, ularning ezgu fazilatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Biz sizlarning timsolingizda Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lib maydonga chiqayotgan 22 millionlik yosh avlodni onalik mehri bilan tarbiyalab, voyaga yetkazgan buyuk bir kuchni ko‘ramiz.
Sizlar tadbirkor, olim, muallim, shifokor, muhandis, davlat va jamoat arbobi, bir so‘z bilan xonadonlarimiz farishtasi, oila va jamiyat tayanchi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz, – dedi prezident.

Mamlakatda so‘nggi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat hayotidagi rolini oshirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim shakllantirilgani ta’kidlandi. Qabul qilinayotgan qonun va qarorlarda gender tengligi masalalariga alohida e’tibor qaratilib, xotin-qizlar manfaatlariga ta’siri baholanmasdan turib, hech bir qonun qabul qilinmasligi belgilangan.
Mazkur siyosat natijasida faol tadbirkor ayollar qatlami shakllanib, bugungi kunda ularning soni 230 ming nafarga yaqinlashdi. Qishloq xo‘jaligida 12 ming nafardan ortiq fermer ayollar mehnat qilmoqda, ilm-fan sohasida esa 6 mingdan ziyod olimalar faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekistonlik qizlar xalqaro sport musobaqalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. Xususan, o‘tgan yilda ular jahon arenalarida 167 ta oltin, 193 ta kumush va 243 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Xotin-qizlar hayotidagi bunday ijobiy o‘zgarishlar xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida 92 pog‘ona yuqorilab, 36-o‘rinni egalladi. “Gender tenglik va boshqaruv” indeksida mamlakatimiz 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi. Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida esa 43 pog‘onaga yaxshilanib, 48-o‘rinni egalladi.

Davlat rahbari turli sohalardagi mehnati, iste’dodi va aql-zakovati bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ayollarimizga, xalqaro maydonlarda Vatanimizni dunyoga tarannum etayotgan qizlarimizga, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga samimiy minnatdorchilik bildirdi.





















