Yangi dalillar – prezident Donald Trampning maktabga berilgan zarba uchun Eron mas’ul, degan da’vosiga zid keladi. Tomahawk qanotli raketasi Isroil armiyasida ham, Eronda ham mavjud emas. 28 fevral kuni hujum boshlaganda AQSh harbiy-dengiz kuchlari Eron hududiga o‘nlab aynan shunday raketalar uchirgandi.

8 mart, yakshanba kuni Eronning Mehr axborot agentligi e’lon qilgan video – 175 kishi, jumladan ko‘plab bolalar halok bo‘lgan Minobdagi maktabga AQSh raketasi urilganini ko‘rsatadigan dalillarni yanada kuchaytirdi.

New York Times tomonidan tekshirib, tasdiqlangan videoda 28 fevral kuni Minob shahrida maktab yonidagi dengiz bazasiga Tomahawk qanotli raketasi kelib urilgani tasvirlangan. Mojaroda qatnashayotgan kuchlar orasida Tomahawk raketalaridan faqat AQSh harbiylari foydalanadi.

Dengiz bazasiga ustiga tushayotgan Tomahawk raketasi / Foto: Bellingcat tadqiqot guruhi va Mehr News

Times tomonidan to‘plangan dalillar majmuasi: sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar va boshqa tasdiqlangan videolar — «Shajarayi Toyyiba» boshlang‘ich maktabi binosi dengiz bazasiga qilingan hujumlar bilan bir vaqtda amalga oshirilgan, aniq yo‘naltirilgan zarba natijasida jiddiy zarar ko‘rganini ko‘rsatadi. Ushbu baza Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan boshqarilgan.

Zarba aks etgan video dastlab tadqiqot guruhi Bellingcat tomonidan aniqlangan, keyin esa NYT uni mustaqil ravishda tasdiqlagan. Nashr videodagi obektlarni Minobda zarbalardan bir necha kun o‘tib olingan yangi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bilan solishtirdi.