Braziliyaning Belu-Orizonti shahridagi stadionda bo‘lib o‘tgan «Kruzeyro» va «Atletiko Mineyro» klublari uchrashuvi ancha vaqtgacha muxlislar yodida qoladigan bo‘ldi – gollar yoki xavfli vaziyatlar emas, o‘yin oxirida maydonda kechgan tartibsizlik tufayli. Mineyro ligasi finalining so‘nggi daqiqalarida jamoa futbolchilari o‘rtasida shiddatli to‘qnashuv yuzaga keldi, bosh hakam esa naq 23 nafar futbolchiga qizil kartochkasini ko‘rsatdi.

Barchasini darvozabon boshladi

Ushbu klublar o‘zaro o‘yinda Mineyro ligasi g‘olibi nomini aniqlashdi. O‘yinning 60-daqiqasida «Kruzeyro» forvardi Kayo Jorjye Jyersonning uzatmasi orqali hisobni ochdi.

«Atletiko Mineyro» qolgan yarim soat davomida hisobni tenglashtira olmadi. Jamoaning birorta zarbasi ham raqib darvozasi tomon to‘g‘ri bormadi. Natijada o‘yin oxirida futbolchilar asablarini jilovlay olishmadi.

Barcha hakam hushtagi chalinishini kutib turganida «Kruzeyro» so‘nggi hujumni uyushtirdi, hujum oxirida ushbu klub yarimhimoyachisi Kristian «Atletiko Mineyro» darvozaboni Eversonga borib urildi. To‘pga birinchi bo‘lib ulgurgan darvozabonga raqibning harakati yoqmadi: u avvaliga kurashga xos uslub qo‘llab, Kristianni oyog‘idan ushlab yiqitdi, keyin esa uning ustiga chiqib olib, tajovuzkor harakatlarini davom ettirdi.

Shundan keyin ikki jamoa futbolchilari, shuningdek, zaxira o‘rindig‘idagilar hamda murabbiylar shtabi a’zolari voqea joyiga yetib kelishdi. Maydonda ommaviy mushtlashuv boshlandi.

Natijada tomonlarni ajratish uchun maydonga harbiy politsiya kuchlari tushib kelgan.

«Aralashuv xavfsizlik xizmati majburiyatlarining bir qismi hisoblanadi. Protokolda hakamlar brigadasi xavfsizligini ta’minlash shartligi ko‘rsatilgan va bu ish bajarildi», – deyiladi harbiy politsiya bayonotida.

Bir necha daqiqadan keyin futbolchilar tinchlanishgan, uchrashuv esa «tulkilar»ning minimal hisobdagi (1:0) g‘alabasi bilan yakunlangan. O‘yin bosh hakami esa 23 futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatdi: shundan 12 nafari «Kruzeyro», 11 nafari «Atletiko» futbolchilari. Bu borada bundan oldingi rekord 1954 yilda «Botafogo» va «Portugeza» klublari o‘rtasidagi o‘yinda o‘rnatilgan, o‘shanda 22 kishiga qizil ko‘rsatilgandi.