10-12 mart kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 3-tur o‘yinlari o‘tkazildi.

NeFTChI 3:0 ANDIJON

Gollar: Alisher Odilov, 42 (1:0), Jamshid Iskandarov, 50 (2:0), Anvarjon G‘ofurov, 56 (3:0)

Amaldagi chempion «Neftchi» g‘alabali qadamini davom ettirdi va bu safar «Andijon»ni yirik hisobda yengdi. Bosh murabbiy Islombek Ismoilov shogirdlari chempionat startida har bir o‘yinni 3:0 hisobida yakunlamoqda.

Samvel Babayan qo‘l ostidagi «Andijon» dastlabki g‘alabadan so‘ng, qatorasiga ikki marta yutqazdi. Bundan tashqari, Babayan murabbiy sifatida ilk marotaba «Neftchi»ga yutqazdi. Andijonliklar ustozi o‘yindan keyin hafsalasi pir bo‘lganini yashirmadi. «Bu mag‘lubiyat men uchun yanada alamli, chunki «Neftchi» tarkibida tarix yozayotgan ko‘plab futbolchilarni o‘zim tarbiyalaganman», dedi u.

PAXTAKOR 0:2 NAVBAHOR

Gollar: Katulondi Kati, 47 (0:1), Ruslanbek Jiyanov, 65 pen (0:2)

Toshkentdagi qorli maydonda «Paxtakor» va «Navbahor» to‘qnash keldi. Keskin kurashlarga boy o‘yin taqdirini ikkinchi bo‘limdagi gollar hal qildi va namanganliklar g‘alabani ilib ketdi. «Paxtakor» chempionat startidagi ikkita g‘alabadan keyin mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rdi.

«Navbahor» bu asrda ilk marotaba «Paxtakor»ni Toshkentda yengdi. Namanganliklar bosh murabbiyi Temur Kapadze «Paxtakor»ni mag‘lub etish yoqimli ekanini ta’kidladi. «O‘yin bo‘yicha raqibdan kuchli edik, «Paxtakor»ga qarshi bahs – har bir klub uchun motivatsiya» deb qo‘shimcha qildi u.

«Paxtakor» ustozi Kamoliddin Tojiyev mag‘lubiyatdan hayron ekanini aytdi. «Yigitlarni tanimay qoldim. To‘g‘risini aytsam, nima yuz berganini tushunmadim», dedi u.

MASh’AL 0:2 QIZILQUM

Gollar: Jambuli Jigauri, 39 (0:1), Shohruz Norxonov, 90+1 (0:2)

«Mash’al» chempionatning autsayderiga aylandi. «Qizilqum»ga yutqazgan muborakliklar 3 ta mag‘lubiyat bilan jadval tubiga o‘rnashdi. Bundan tashqari, hali biror marta raqib darvozasini ishg‘ol etolmadi. «Qizilqum» esa ilk o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin qatorasiga ikki marta g‘alaba qozondi.

«Mash’al» bosh murabbiyi Igor Surov betobligi tufayli bu o‘yinda ishtirok etmadi. Uning o‘rnini egallagan Otabek Narzullayev jamoaning muvaffaqiyatsiz startini tayyorgarlik yaxshi bo‘lmagani bilan izohladi. «Qishki yig‘inni o‘zimizda o‘tkazdik, Turkiyaga bormadik, nazorat o‘yinlarini esa asosan Pro-Liga klublariga qarshi o‘tkazdik. Menimcha, bu ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi», dedi u.