Internetda deyarli hamma yeyayotgan narsalarimizni zararli deb gap tarqatishyapti. Garmon uriladigan tovuqlar, go‘shtdan arzon kolbasalar, cho‘chqa jyelatinidan qilinadigan marmeladlar, saratonga sabab bo‘luvchi energetiklar, zaharli o‘simlik moylari va hokazo. Uchta “oq zahar” – shakar, oq un va tuz. Bu gaplarning qay biri rost, qay biri shov-shuvligini ajratolmay qolyapmiz. SUBYEKTIV bir nechta tajriba va izlanishlar orqali mavzuga oydinlik kiritdi. Biz nima yeyapmiz? Bu ko‘rsatuv eng birinchi ehtiyojimiz bo‘lgan oziq-ovqat masalasiga befarq bo‘lmaganlar uchun.

O‘ylab ko‘ring-chi, o‘quvchi farzandingizga yegulik sotib olish uchun kuniga necha so‘m berasiz? Ular bu pulga yarasha nimalarni sotib olishyapti?

Mahsulotlarning yaroqlilik muddatiga qiziqish odat tusiga aylanib borayotgani yaxshi. Endi to‘g‘risini ayting, ularning tarkibi, kaloriyasini qachon qadoqdan o‘qib, qiziqib ko‘rdingiz? Bu mavzuda ko‘p narsani o‘rganganimdan keyin gipermarketga kirib, nima sotib olishga o‘ylanib qoldim. Demak, bu haqda hamma bilishi kerak bo‘lgan gaplar ko‘p. O‘zi biz nima yeyapmiz? Keling, shu haqda yaxshilab o‘rganamiz.Men o‘zim yaqin-yaqingacha energetik suvlarni ko‘p ichardim. Atrofimda hamma ogohlantirsa ham, hech qaytarmasdim. Kerak bo‘lsa, fast-fudlarni ham reklama qilganmiz. Lekin bu ko‘rsatuvni tayyorlash uchun ko‘p narsalarni o‘rganishim bilan hozir mutlaqo boshqacha hayot tarziga o‘tdim. Va bu ma’lumotlarni siz ham bilishingiz kerak. Ayniqsa, atrofimizda qand kasalligi, saraton, semizlik ko‘payib borayotgan O‘zbekiston sharoitida bu mavzudan xabardorlik juda muhim.

Semirib ketdim...

Doimiy o‘tirib ishlash, har kuni tushlikka fast fud va shakarli ichimliklar, kamiga hamma yoqqa faqat mashinada qatnash – sizga ham tanish hayot tarzimi? Har oy qanchadan semirdim, deb o‘ylaysiz? Keling, natijalarni hisoblab chiqamiz.

Harakatsizlik va uyqudan iborat hayotimizda o‘rtacha 1600-1700 kilokaloriyani kunlik tabiiy sarflaymiz. Tushlikka o‘rtacha gamburger, kartoshka fri va kola — taxminan yetti yuz yetmish kilokaloriya. Bu faqat tushlik. Undan keyin ofisda o‘tiramiz va bu kaloriyaning katta qismini  yoqmaymiz. Fast-fud va shakarli ichimliklar yog‘imizga yog‘ bo‘lib qo‘shilaveradi.

Kechki ovqatga bizni uyda tansiqqina, yog‘li taomlar kutib turibdi. Ularni ham bosib yeymiz (o‘rtacha 1000 kkaloriya). Gazagiga choy, shirinlik yoki non qo‘shsak, kunlik kaloriyamiz anchagina ko‘payadi (jami 2000-2100 kkaloriya). Kuniga taxminan 1650 kilokaloriya yoqib, to‘rt yuz — besh yuz oshiqcha kaloriya yoqilmay, yog‘ bo‘lib yig‘ilaverdi.