Eronga qarshi urushda Isroil va AQSh vazifalarni taqsimlab olgan: amerikalik harbiylar bor e’tiborini harbiy va sanoat obektlariga, isroilliklar esa – rejimning ichki tuzilmalariga qaratgan, deya yozadi jurnalistlari nishonlarning to‘liq ro‘yxati va yetkazilgan zararni baholash to‘g‘risidagi hisobotlar bilan tanishib chiqqan The Wall Street Journal gazetasi.

Isroil Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiyning qarorgohi bo‘ylab zarba yo‘llash orqali urushga kirgandi. Oyatulloh ilk kundayoq o‘ldirildi. Keyingi kuni Isroil aviatsiyasi Islom inqilobi muhofizlari korpusi bo‘linmalari, «Basij» ko‘ngillilari va maxsus politsiya kuchlariga aloqador shtablar va qo‘mondonlik markazlariga tizimli ravishda zarbalar berishni boshladi.

Ali Xominaiyning Tehrondagi qarorgohining 28 fevral kungi zarbadan keyingi ko‘rinishi
Pleiades Neo / Airbus / Reuters / Scanpix / LETA

WSJ ixtiyoriga kelib tushgan hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, zarbalar turli obektlar bo‘ylab berilgan. Ammo keyin Isroil razvedkasi Eronda xavfsizlik kuchlari uchun zaxira rejasi mavjudligini aniqlagan: unga ko‘ra, infratuzilmalar yakson etilgan taqdirda xodimlar sport inshootlariga yig‘ilishi ko‘zda tutilgan. Isroil bu obektlar to‘lishini kuzatib turadi va keyin ular bo‘ylab zarbalar yog‘diradi. Xavfsizlik kuchlari va armiyaning yuzlab xodimlari o‘ldirilgan, o‘lim holatlarining aksar qismi Tehrondagi yirik futbol o‘yingohi – «Ozodiy» stadioniga to‘g‘ri keladi.

Tehrondagi «Ozodiy» stadioni Isroil zarbasidan keyin, 2026 yil 5 mart
Majid Asgaripour / WANA / Reuters / Scanpix / LETA

Isroilning yana bir muhim nishoni Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy bo‘ldi – u Eron yadroviy dasturi me’morlaridan biri va Ali Xominaiyning yaqin kishisi hisoblanardi. 17 mart tongida Isroil maxsus xizmatlari Larijoniy boshqa mulozimlar bilan birga Tehron chekkasidagi maxfiy boshpanaga kelgani haqida xabar oladi va u yerga raketa uchirib, nishon yo‘q qiladi.

Xuddi shu vaqtda Isroil «Basij» (Islom inqilobi muhofizlari korpusi tarkibidagi bo‘linma) qo‘mondoni G‘ulomrizo Sulaymoniy o‘z o‘rinbosarlari bilan birgalikda Tehrondagi o‘rmonzorga tikilgan chodirda yashiringani haqida ma’lumot oladi. U ham o‘ldirilgan.