Yaponiyaning asosiy Nikkei 225 indeksi qariyb 3,6 foizga tushdi, Janubiy Koreyaning Kospi indeksi esa qariyb 6 foizga pasaydi.

AQSh prezidenti Donald Tramp shanba kuni agar Eron muhim dengiz yo‘li bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochmasa, Eron elektr stansiyalarini “vayron qilib tashlashini” aytdi. Eron esa bunday hujumlarga javoban mintaqadagi muhim infratuzilma obektlarini, jumladan energetika inshootlarini nishonga olishini bildirdi.

Yaponiya va Janubiy Koreya bu mojarodan ayniqsa qattiq ta’sirlanmoqda, chunki ular asosan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan neft va gazga katta darajada bog‘liq.

Eron AQSh va Isroil 28 fevral kuni mamlakatga hujum qilganidan beri, dunyodagi eng serqatnov neft tashish yo‘llaridan biri bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini amalda to‘sib qo‘ygan.

Odatda dunyo nefti va suyultirilgan tabiiy gazining taxminan 20 foizi shu suv yo‘li orqali o‘tadi. Urush esa yonilg‘i narxlarining butun dunyo bo‘ylab keskin oshishiga sabab bo‘ldi.

Dushanba kuni Xalqaro energetika agentligi rahbari Fotih Birol bu urush dunyoni so‘nggi o‘n yilliklardagi eng og‘ir energetika inqiroziga olib kelishi mumkinligini aytdi.

Avstraliya poytaxtidagi Milliy matbuot klubida so‘zlagan Birol hozirgi inqirozni 1970-yillardagi energetika inqirozi va Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga bosqinidan keyingi holat bilan taqqosladi.

U shunday dedi: “Hozirgi holatga qaraganda, bu inqirozda go‘yo ikki neft inqirozi va bir gaz halokati birlashib ketgandek”.

Tramp ijtimoiy tarmoqda shunday yozdi: agar Eron “Ho‘rmuz bo‘g‘ozini hech qanday tahdidsiz to‘liq ochmasa”, AQSh 48 soat ichida Eronning turli elektr stansiyalariga, avvalo eng kattasidan boshlab zarba beradi.

Bu tahdid Eron raketalari Isroilning Dimona shahriga zarba berganidan keyin, shuningdek unga yaqin Arad shahriga ikkinchi hujumdan oldin aytildi.

Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof yakshanba kuni, agar Eronning elektr stansiyalariga hujum qilinsa, mintaqadagi energetika va tuzsizlantirish infratuzilmasi “qaytarib bo‘lmas darajada vayron qilinishi”ni aytdi.

Bunday qadam mojaroni yanada kuchaytirib yuboradi. Urush allaqachon global energiya ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, narxlarni oshirdi va yoqilg‘i tanqisligiga sabab bo‘ldi.