Bugun sizlarga shu kunlarda G‘azoda sodir bo‘lgan dahshatli urush jinoyati haqida aytib bermoqchiman. Bu ma’lumotni sizga yetkazishdan avval haqqoniyligini imkoni bo‘lgan barcha manbalardan tekshirib ko‘rdim.

G‘azolik Osama Abu Nosir transport harakati deyarli imkonsiz bo‘lib qolgan G‘azoda ot bilan kirakashlik qilib, oila boqardi. Oti o‘lib qolgach, tushkunlikka tushib qolgan Osama bir kuni bir yarim yoshli o‘g‘lini ko‘tarib do‘konga chiqqanda unga qarata o‘q uzishadi. Qochoqlar lageri yaqinida Abu Nosir va o‘g‘li isroillik harbiylar tomonidan qo‘lga olinadi.

Harbiylar yigitdan bolasini yerga qo‘yib, eng yaqin blokpostga borishni talab qiladi. U yerda yigitni yechintirib, so‘roq qilishadi. Biroq Osama isroillik harbiylar istagan ko‘rsatmani berishdan bosh tortadi. Shunda uning oldiga bir yarim yoshli o‘g‘lini olib kelib qiynashadi. Bir yarim yashar bolaning oyog‘iga sigaret bosib, mix tiqishadi. Shu tariqa ko‘z o‘ngida bolasi chirqirab yig‘layotgan yigitdan iqror ko‘rsatmasi olishadi...

Bolani 10 soat davomida ushlab turgach, xalqaro tashkilotlar orqali oilasiga qaytarib, otasini qamoqqa olishadi. Hozir uning holati haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Bolaning onasi falastinlik jurnalistlarga uning oyoqlaridagi jarohat izlarini ko‘rsatgan. Videoda bolaning ikki oyog‘iga sigareta bosilgani izlari yaqqol ko‘ringan. Shuningdek, mix tiqilgan joyida ham ko‘karish inkor qilib bo‘lmas darajada ko‘ringan. Bola onasi jarohatlarini ko‘rsatayotganda chirillab yig‘lab qolgan.

Xalqaro huquq faollari bu holatni befarq qoldirib bo‘lmaydi deb aytmoqda. Bolaning onasi eri qaytishidan umidvor, chunki u ham davolanayotgan bo‘lgan. Holat videosi hali ko‘p nashrlarda tarqamadi, lekin ijtimoiy tarmoqlarda videoni ko‘rganlar hayratini, ko‘plar g‘azabini yashira olmagan. Al Jazeera bu bola haqida bugun reportaj e’lon qilganiga qaraganda, holat shu kunlarda sodir bo‘lgan. Jarohat izlari yangiligi ham buni tasdiqlaydi. Darvoqe, bolaning oyog‘iga sigareta bosilgani va mix tiqilgani tibbiy xulosalarda tasdiqlangan.

Bolalarga qarshi kuch ishlatish, ularni qiynash, bu yordamida bolaning ota-onasidan ko‘rsatma olish... eng qonli urushda ham bunaqa qilish mumkin emas. Urush boshlashning o‘zi jinoyat, qabihlik, lekin o‘sha mash’um urushda ham qoida bor. Dunyo aqli noqis jinoyatchilar boshlaydigan urushda imkon qadar kamroq tinch aholi o‘lishi uchun urush qoidalari ishlab chiqqan. Urushda bolalarni qiynashning nomi urush jinoyati deyiladi. Ruhiy kasal odamlargina bolaning oyog‘iga sigareta bosishi mumkin.