Har yili yangi yil arafasida bir xil manzarani ko‘ramiz. Yil yangilanishi bilan millionlab odamlar o‘zlariga va’da berishadi. Endi hammasi boshqacha bo‘ladi. Ertadan sport bilan shug‘ullanaman. Ko‘proq kitob o‘qiyman. Telefonni kamroq ushlayman. Erta turaman, pul yig‘aman. Oradan bir oy o‘tmay hammasi avvalgi iziga tushadi.
Qizig‘i shundaki, bu odamlar aqlsiz yoki yalqov emas. Ular nima qilish kerakligini yaxshi bilishadi. Sog‘lom ovqatlanish kerakligi, kitob o‘qish foydali ekanini ham anglashadi. Sport bilan shug‘ullanish sog‘liq uchun muhimligini ham tushunishadi. Shunday ekan, nega bilim harakatga aylanmaydi?
Bugun 5 daqiqa davomida Jyeyms Klirning "Atom odatlar" kitobi haqida gaplashamiz.
So‘nggi yillarda shaxsiy rivojlanish haqidagi kitoblar shunchalik ko‘paydiki, ba’zida ularning muqovasini almashtirsangiz ham, ichidagi fikrlar deyarli bir xildek tuyuladi.
Shuning uchun menda ham tabiiy shubha paydo bo‘li. "Atom odatlar" shunday kitoblardan yana bittasi emasmi? Biroq mutolaa davomida angladimki, Jyeyms Klir motivatsiya sotishga emas, muammoni tushuntirishga harakat qilgan.
Muallifning aytishicha, inson hayotini katta qarorlar emas, har kuni takrorlanadigan mayda odatlar belgilaydi. Bu jumla bir qarashda ta’sirli eshitilmasligi mumkin. Ammo biroz chuqurroq o‘ylab ko‘ring.
Bugun ertalab uyg‘onganingizdan beri necha marta telefonni qo‘lingizga oldingiz? Ijtimoiy tarmoqlarni ochishni rejalashtirganmidingiz? Yo‘q. Shunchaki, qo‘l avtomatik ravishda telefonga cho‘zildi. Mana shu "avtomatik" degan so‘z kitobning asosiy mag‘zini ochib beradi.
Biz o‘zimizni erkin qaror qabul qiladigan inson, deb o‘ylaymiz. Aslida esa kun davomidagi harakatlarimizning katta qismi oldindan shakllangan odatlar ta’sirida sodir bo‘ladi.
Biz katta natijalarni yaxshi ko‘ramiz. Shuning uchun ham tez natija kutamiz. Bugun mashq qildikmi, ertaga tanamiz o‘zgarishini xohlaymiz. Kitob o‘qidikmi, bir haftada bilimli bo‘lib qolishni istaymiz. Yangi ish boshladikmi, bir oyda katta daromad qilishni rejalashtiramiz.
Hayot qonuni bunday ishlamaydi. Tabiatda hamma narsa vaqt talab qiladi. Dehqon bugun urug‘ ekib, ertaga hosil yig‘maydi. U yerni parvarish qiladi, suv beradi, kutadi. Chunki u bilib turibdi: ko‘zga ko‘rinmayotgan jarayon ham o‘sishning bir qismi.













