2026 yil mart oyida narxlar oshishi 0,6 foizni tashkil etib, yillik inflatsiya 7,1 foizga teng bo‘ldi, deya ma’lum qildi Milliy statistika qo‘mitasi.
2025 yilning martida oylik inflatsiya 0,9 foiz, yillik ko‘rsatkich 10,3 foiz bo‘lgandi. Shunga ko‘ra, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan narx-navolar oshishi 3,2 foiz punktiga sekinlashdi.

Statqo‘m hisobotiga ko‘ra, o‘tgan oyda oziq-ovqat mahsulotlari 1,2 foizga oshgan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlar 0,3 foizga qimmatlashdi. Xizmatlar inflatsiyasi esa 0,2 foizni tashkil etdi.
Oziq-ovqatlar
Mart oyida asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan tuxum — 2,1 foiz (2025 yil mart oyiga nisbatan +17 foiz), suyakli mol go‘shti — 1,8 foiz (+15,1 foiz), qo‘y go‘shti — 1,2 foiz (+18,2 foiz), suyaksiz mol go‘shti — 1,2 foiz (+15,5 foiz), tirik va sovitilgan baliq — 1,7 foiz (+5,3 foiz), shakar — 1,7 foiz (+0,8 foiz), sut — o‘rtacha 0,3 foiz (+5,2 foiz), un — o‘rtacha 0,6 foiz (+3,4 foiz) va o‘simlik yog‘i narxlari o‘rtacha 0,9 foizga (+13,3 %) qimmatlashdi.
«2026 yil mart oyida mol go‘shti narxlarining o‘zgarishi ham import, ham mahalliy mol go‘shtiga nisbatan qayd etildi. Bunda respublika bo‘yicha eng arzon mol go‘shti narxlari o‘rtacha bir kilogramm uchun 5 000 so‘m atrofida oshdi», deyiladi hisobotda.
Shu bilan birga, oy davomida guruch va guruch oqshog‘i 0,4 foiz (yillik nisbatda -12,3 foiz), parranda go‘shti 0,3−0,4 foizga (+5,9−7,1 foiz) arzonlashdi.
Meva-sabzavotlar ichida pomidor — 11,5 foiz (2025 yilning martiga nisbatan -6,5 foiz), bulg‘or qalampiri — 10 foiz (-10 foiz), kartoshka — 9,8 foiz (+16,3 foiz), qovoq — 9,4 foiz (-51,9 foiz), olma — 7,4 foiz (+19,9 foiz) va banan — 6 foizga (+7,4 foiz) qimmatlashdi. O‘z navbatida , bodring narxi — 20,7 foiz (-19,1 foiz), karam narxi — 4,7 foiz (+2,8 foiz), piyoz narxi — 4,6 foiz (-9,2 foiz) va sabzi narxi — 1 foizga (-6,9 foiz) pasaygan.
Transport
Mart oyi davomida benzin uchun o‘rtacha narxlar 0,9 foiz (2025 yil mart oyiga nisbatan +9,2 foiz)ga pasaydi. Bunda, benzinning AI-92 markasi — 0,9 foiz, AI-95 markasi — 1,3 foiz, AI-98 va AI-100 markalari esa — 0,5 foizga arzonlashdi. Propanning narxi oy davomida 3,2 foiz (2025 yil martiga nisbatan +9,6 foiz)ga arzonlashib, 1 litr uchun yuqori narx chegarasi 8 400 so‘mni tashkil etdi.
















