Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident sport federatsiyalari bosh kotiblaridan lavozimiga loyiq bo‘lmaganlarni almashtirishni buyurdi
Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 aprel kuni jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Federatsiyalarda hamkor va mablag‘ topish, tadbirkorlarni jalb qilish bo‘yicha tashabbus yo‘qligi qayd etildi. Mutasaddilarga 26 ta federatsiyadagi bosh kotib va boshqaruv kadrlarining faoliyatini o‘rganib, lavozimiga loyiq bo‘lmaganlarini almashtirish topshirildi.
Yig‘ilishda ixtisoslashgan sport maktablarining oddiy sport maktabidan farqi qolmaganiga e’tiroz bildirildi.
Masalan, Termiz shahridagi 4 ta ixtisoslashgan maktabning natijasi Jarqo‘rg‘ondagi bitta sport maktabiniki kabi bo‘lolmayapti. Jarqo‘rg‘on sport maktabi o‘tgan yili Osiyo va jahon chempionatlarida 6 ta sovrin olgan bo‘lsa, viloyatdagi 4 ta ixtisoslashgan maktabda esa jami 1 ta medal mavjud.
Har bir ixtisoslashgan sport maktabi direktori, jamoasi va murabbiylarning ish uslubini o‘zgartirib, o‘sish nuqtalarini aniq belgilab, oylik maoshini o‘quvchisining natijasiga bog‘lash zarurligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga yutuqlarga erishgan sport maktablarini amaldagi rag‘batlantirish miqdoriga qo‘shimcha yana 500 million so‘mdan alohida mukofotlashni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Oliy ta’lim muassasalarida sport yo‘nalishidagi ishlar yetarli darajada emasligi, federatsiyalar bilan hamkorlik, iqtidorli talabaga individual murabbiy biriktirish sustligi qayd etildi.
Ayrim oliygohlarda sport sohasi bo‘yicha yaxshi tajribalar bor. Masalan, Termiz davlat universiteti 4 ta klub tashkil qilib, 5 ming talabani 18 ta sport turiga qamrab oldi. Talabalar o‘tgan yili xalqaro musobaqalarda 18 ta medal oldi. Oliygohning voleybol va gandbol jamoalari oliy ligada, futzal va futbol jamoalari esa 1-ligada qatnashyapti.
Lekin Jizzax politexnika, Toshkent tibbiyot universiteti Termiz filiali, Qarshi davlat texnika universiteti, Buxoro davlat universitetlarida 70 foiz talaba jismoniy normativ topshira olmagan. Bu ulardagi klublar “nomiga” ishlayotganini anglatadi.
Shu munosabat 207 ta oliygoh rektorlariga Termiz davlat universitetining tajribasini o‘rgatish va sport bo‘yicha bir yillik reja ishlab chiqish topshirildi.
O‘q otish bazasida sharoit yaratilgani uchun ushbu sport turida natija ko‘rinayotgani ta’kidlandi. Yaqinda Osiyo chempionatida o‘q otuvchilar 3 ta oltin, 2 ta kumush medal oldi. Pnevmatikadan otishda Osiyo va jahon rekordini yangiladi. Futbol, sport kurashlari, velosport, yengil atletika, suzishda ham o‘zgarish bo‘layotgani e’tirof etildi.
Yoshlar Osiyo o‘yinlarida yengil atletikada ilk bor 9 ta medal, suzishda dastlabki medal (bronza) qo‘lga kiritildi. Velosportchilarimiz Osiyoda kuchli uchtalikdan joy oldi. Sport kurashlarida 25 yillik tanaffusdan so‘ng Jahon chempionatida oltin medalga erishildi.
Shu bilan birga, Jizzaxdagi 6 ta qilichbozlik bazasida shug‘ullanuvchilar 100 nafarga ham yetmasligi, trampolin va akrobatika bo‘yicha mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanilmayotgani, tennis, ot sporti bo‘yicha ham natija ko‘rinmayotgani tanqid qilindi.
Dunyoda tennisga o‘xshash padel tennis, skvosh kabi zamonaviy o‘yinlar yoshlar orasida tez ommalashyapti. Lekin mutasaddilarda xususiy tadbirkorlarni jalb qilish orqali bunday sport turlarini tennis bilan uyg‘un rivojlantirib, yoshlarga qo‘shimcha sharoit yaratish bo‘yicha tashabbuskorlik yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Federatsiyalarda hamkor va mablag‘ topish, tadbirkorlarni jalb qilish bo‘yicha tashabbus yo‘qligi qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, salohiyati katta tadbirkorlar yildan yilga ortib bormoqda, ular orasida sportga qiziqadigan, homiylik qilishga tayyor turganlari ancha.
Lekin birorta federatsiya tadbirkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha taklif kiritmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga 26 ta federatsiyadagi bosh kotib va boshqaruv kadrlarining faoliyatini o‘rganib, lavozimiga loyiq bo‘lmaganlarini almashtirish topshirildi.
Mavzuga oid
19:13
Futbol bo‘yicha Superliga o‘yinlari soat 19:00 dan keyin belgilanishi mumkin
19:12
Oliy sport mahorati maktablari o‘rniga «Olimpiya terma jamoalari markazi» tashkil qilinadi
18:34
Ishchilarining sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi
18:32