8 aprelga o‘tar kechasi Donald Tramp qo‘ygan oxirgi ultimatum muddati tugaydi: agar Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasini bekor qilmaydigan bo‘lsa, AQSh Eron elektr stansiyalari, ko‘priklar va boshqa o‘ta muhim infratuzilma obektlarini o‘qqa tutishni boshlaydi. Prezident va AQSh mudofaa vaziri Tehronga «jahannam» va «tosh asriga qaytarish» bilan tahdid qilmoqda.
8 aprel kuni ham Tramp navbatdagi vahimali postini e’lon qilib, «bugun tunda butun sivilizatsiya halok bo‘lishi» haqida yozdi:
Bugun kechasi butun bir sivilizatsiya halok bo‘ladi va uni hech qachon qaytarib bo‘lmaydi. Men bunday bo‘lishini xohlamayman, lekin, ehtimol, shunday bo‘ladi. Biroq, endi yangilangan rejimda boshqa, aqlliroq va nisbatan mo‘’tadil kuchlar ustunlik qilayotgan bo‘lsa, haqiqiy inqilobiy narsa sodir bo‘lishi ham mumkin. Kim bilsin? Biz buni bugun tunda, dunyoning uzoq va murakkab tarixidagi eng muhim lahzalardan birida bilib olamiz. 47 yillik tovlamachilik, korrupsiya va o‘limlar nihoyasiga yetadi. Buyuk Eron xalqini xudoning o‘zing yorlaqasin!
Trampning ultimatumi muddati Vashington vaqti bilan seshanba kuni soat 20:00 da, Toshkent vaqti bilan chorshanba kuni soat 5:00 da tugaydi.
Quyida Yaqin Sharqdagi urushda kutilayotgan keskinlashuv arafasidagi asosiy ma’lumotlar keltiriladi.
Pentagon aviazarbalar uchun nishonlarning yangi ro‘yxatini shakllantirishni davom ettirmoqda va bunda yuridik murakkablikka duch kelgan: ko‘plab obektlar, jumladan, elektr stansiyalar va suvni chuchuklashtirish zavodlari fuqarolik obektlari sifatida ko‘rilib, ularga zarbalar harbiy jinoyat deb hisoblanishi mumkin. Eskalatsiya tarafdorlari esa bu obektlar ikki maqsadli ekaniga urg‘u qaratib, ularni qonuniy nishonlar sifatida ko‘rmoqda: elektr energiyasi va ichimlik suvdan fuqarolardan tashqari harbiylar ham foydalanadi.
Eron hukumatining Yoshlar va o‘smirlar ishlari bo‘yicha kengashi kotibi Alirizo Rahimiy yosh eronliklarni elektr stansiyalari atrofida zanjir bo‘lib turishga, ya’ni, amalda, ular uchun tirik qalqon bo‘lishga chaqirdi. Jyeneva konvensiyasiga ko‘ra, tirik qalqonlardan foydalanish harbiy jinoyat hisoblanadi.
AQSh Yaqin Sharqqa allaqachon qo‘shimcha kuchlar tashlagan, 10 mingga yaqin desantchilar va dengiz piyodalari shular jumlasidan. Elektr stansiyalari va boshqa muhim infratuzilmalarga bomba yog‘dirilishiga parallel ravishda ular quruqlikda bir yoki bir necha amaliyot o‘tkazishi taxmin qilinmoqda. Fors ko‘rfazidagi Xark oroli ehtimoliy nishonlardan biri sifatida qaralmoqda, bu yerda Eronning eng yirik neft eksporti terminali joylashgan; shuningdek, Ho‘rmuz orolidagi orollar, Isfahondagi yadroviy obekt (bu yerda Eronning 400 kilogrammdan ortiqroq miqdordagi boyitilgan uran zaxirasi mavjudligi aytiladi) ham quruqlik orqali hujum nishoniga aylanishi mumkin.










