Jahon | 12:45
2646
3 daqiqa o‘qiladi

“Hizbulloh”: Isroilga qarshi hujumlar to‘xtamaydi

Isroil Livanga keng ko‘lamli aviahujumlar uyushtirdi. Bayrutdagi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 182 kishi halok bo‘lgan. BMT Bosh kotibi bu hujumlarni qoralab, ular AQSh va Eron o‘rtasidagi sulhga tahdid solayotganidan ogohlantirdi.

Foto: AP

Eron qo‘llab-quvvatlaydigan “Hizbulloh” guruhi Isroilning Livandagi vayronkor aviahujumlaridan keyin Isroilga zarba berishni davom ettirishga va’da berdi. Guruh bayonotida aytilishicha, 9 aprel, payshanbaga o‘tar kechasi Isroil tomonidan “sulhning buzilishi”ga javob sifatida Isroil shimolidagi Manara kibutsasi o‘qqa tutilgan. “Hizbulloh” qo‘shimcha qilishicha, Isroilga qarshi javob zarbalari “Isroil-Amerika tajovuzi” to‘xtamaguncha davom etadi.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil aviahujumlari oqibatida kamida 182 kishi halok bo‘lgan, yana taxminan 890 kishi yaralangan. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish hujumlarni keskin qoralab, ularni “keng ko‘lamli hujumlar” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, natijada “yuzlab tinch aholi vakillari, jumladan bolalar o‘ldirilgan va yaralangan”, shuningdek, fuqarolik infratuzilmasiga ham zarar yetgan.

Guterrish fikricha, Isroilning Livanga qarshi keng ko‘lamli zarbalari AQSh va Eron o‘rtasida endigina tuzilgan sulhni xavf ostiga qo‘ymoqda. BMT Bosh kotibi matbuot kotibi Stefan Dyujarrik shunday dedi: “Livanda davom etayotgan harbiy faollik sulh va mintaqada barqaror hamda keng qamrovli tinchlikka erishish sa’y-harakatlari uchun jiddiy tahdid tug‘dirmoqda”.

Guterrish mojaroning barcha tomonlarini “darhol harbiy harakatlarni to‘xtatishga” chaqirib, bu mojaroning harbiy yechimi yo‘qligini ta’kidladi.

Eronga qarshi urushda ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qaramay, Isroil “Hizbulloh”ga qarshi zarbalarni davom ettirish niyatida. AQSh, Erondan farqli ravishda, ushbu sulhni Livanga tatbiq etmayapti. Eronning Fars agentligi xabar berishicha, Tehron endi “Hizbulloh”ga qarshi davom etayotgan Isroil zarbalari sababli sulhdan chiqish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda.

Bundan oldin Isroil, sulhga qaramay, Livandagi ko‘plab nishonlarga, jumladan, mamlakat poytaxti Bayrutga to‘satdan keng ko‘lamli zarba berdi. Isroil harbiylari bu zarbalar “Hizbulloh” qo‘mondonlari va harbiy infratuzilmasiga qarshi qaratilganini bildirdi. Ammo Livan tomoni tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlar borligini ma’lum qildi.

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan keyin, “Hizbulloh” mart oyi boshida Isroilga qarshi zarbalarni qayta boshlagan edi. Isroil bunga javoban Livanda keng ko‘lamli aviahujumlar va quruqlikdagi operatsiyalarni amalga oshirdi. “Hizbulloh” mintaqada Eronning eng asosiy ittifoqchisi hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid