8 aprel kuni Livan poytaxti Bayrutga, shuningdek, mamlakat janubidagi Tir va Nabatiya shaharlari atrofiga Isroil harbiylari tomonidan havo zarbalari yo‘llandi. Bu AQSh va Eron o‘rtasida sulh tuzilgani e’lon qilinishidan bir necha soat o‘tib ro‘y berdi.
Isroil mudofaa armiyasi «Hizbulloh»ning Livandagi qo‘mondonlik markazlari hamda harbiy obektlariga zarbalar yo‘llaganini ma’lum qilgan.
Isroil harbiylariga ko‘ra, 10 daqiqa ichida 100 dan ortiq obektga hujum qilingan. Bu Isroilning «O‘kiruvchi sher» nomini olgan amaliyot (Isroil Eron va Livanga qarshi harbiy amaliyotini shunday atagan) doirasida amalga oshirilgan eng keng qamrovli hujum bo‘ldi.
Isroil tomoni «bir necha hafta davomida sinchiklab rejalashtirilgan» amaliyot doirasida «aniq razvedka ma’lumotlariga asoslangan holda» zarbalar yo‘llaganini qayd etgan.
Xabarda nishonga olingan obektlar aholi yashash manzillarida bo‘lgani, «Hizbulloh» shu tariqa tinch aholidan «tirik qalqon» sifatida foydalanayotgani ta’kidlangan.
Livan sog‘liqni saqlash vazirligi «Al-Jazira» telekanaliga Isroilning so‘nggi zarbalari oqibatida yuzlab kishilar yaralangani va halok bo‘lgani haqida xabar bergan.
Isroil esa «Hizbulloh» pozitsiyalarini o‘qqa tutishdan oldin Livan janubida yashovchi aholiga evakuatsiya zarurati haqida ogohlantirishlar yuborganini iddao qilgan.
Sulh Livan uchun amal qilmayapti
Bu voqealar Yaqin Sharqda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv Isroilning Livandagi «Hizbulloh» guruhiga qarshi harbiy harakatlariga nechog‘liq taalluqli bo‘lishi borasidagi noaniqlik fonida ro‘y bermoqda.
Isroil AQSh prezidenti Donald Trampning Eron bo‘ylab zarbalar berishni ikki haftaga to‘xtatish qarorini qo‘llab-quvvatlagan. Shu bilan birga, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat armiyasi Livan bo‘ylab zarba berishda davom etishi, chunki Eron bilan urushdagi sulh Livan uchun qo‘llanmasligini aytgan.
Bu esa AQSh va Eron o‘rtasidagi tinchlik sulhida vositachilik qilgan Pokiston hukumatining bayonotiga zid keladi, unda Livan yo‘nalishidagi harbiy harakatlar ham to‘xtatilishi haqida gap ketgan. Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif Eron va AQSh o‘rtasidagi ikki haftalik yarashuv «hamma joyda, shu jumladan Livanda ham amal qilishi»ni bildirgan.
«Hizbulloh» Yaqin Sharqdagi sulh doirasida Isroil shimolini o‘qqa tutishni to‘xtatgan. 2 mart kuni Isroilga zarba berish orqali Yaqin Sharqdagi urushga tortilgan ushbu guruh so‘nggi bir kunga yaqin vaqt davomida hech qanday amaliyot to‘g‘risida xabar bermadi.
















