Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Balki Counter-Strike ham o‘ynarman» – Sindorov dam olish kunini qanday o‘tkazishi haqida
O‘zbekistonlik shaxmatchi Nakamuraga qarshi o‘yindan oldin vaziyatdan kelib chiqib durang qayd etishga qarshi bo‘lmaganini yashirmadi. U ertaga Giriga qarshi hal qiluvchi partiyani o‘tkazadi.
Foto: Michal Walusza / FIDE
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov Nomzodlar turnirining 12-turida amerikalik grossmeyster Hikaru Nakamuraga qarshi o‘yinda qayd etilgan durang yuzasidan fikr bildirdi.
Bu partiya turnir tarixidagi eng qisqa partiyalardan biri bo‘ldi. Raqiblar kataloncha kirish variantini qo‘lladi va 35 daqiqadan so‘ng durangga kelishishdi.

Sindorov o‘yindan keyingi matbuot anjumanida bu turdagi asosiy maqsadi – kuchni tejash va tavakkalchilikni kamaytirish bo‘lganini tan oldi. U oldingi turda Fabiano Karuanaga qarshi kechgan og‘ir bahs (u o‘sha partiyada qiyin holatda qolib, yakunda durangga erishgandi) ko‘p kuchini olib qo‘yganini qayd etgan.
«Bugungi durang yaxshi natija. Hozirgi vaziyatda Hikaru bilan uzoq va og‘ir partiya o‘ynash uchun sabab ko‘rmadim. Shuning uchun imkon bor joylarda majburiy variantlarni tanladim.
Agar u uzoq partiya o‘ynashni xohlasa, bunga ham tayyor edim. Lekin u ham ancha ishonchli yo‘llarni tanlashini kutgandim. Hatto partiyadan oldin tez durang bo‘lishini sezgandim.
Kecha juda muhim o‘yin bo‘lgandi va ancha charchagandim», – degan yosh shaxmatchi.
Bu turda Sindorovning eng yaqin ta’qibchisi, niderlandiyalik Anish Giri ham durang qayd etdi va endi turnir yakuniga ikki tur qolganida Sindorov (9) va Giri (7) o‘rtasidagi farq 2 ochkoligicha qolmoqda.

Keyingi turda ushbu ikki shaxmatchi bir-biriga qarshi dona suradi. Bu bahsdagi durang natija ham o‘zbekistonlik shaxmatchini muddatidan oldin chempionga aylantiradi. Girida esa birinchi o‘ringa chiqish uchun faqat nazariy imkoniyat saqlanib qolgan. Buning uchun Sindorov oxirgi ikki turda mag‘lub bo‘lishi, Giri esa ikki partiyani ham yutishi talab etiladi.
Sindorov Giri bilan bo‘ladigan partiyada voqealarning har qanday rivojiga tayyor ekanini ta’kidladi:
«Anish, katta ehtimol bilan, uzoq davom etadigan o‘yin o‘tkazishga harakat qiladi. Men esa kurashga tayyorman… Agar Anish yutishga harakat qilsa, men ham o‘ynayman va o‘z imkoniyatlarimni qidiraman. Lekin turnir jadvalidagi vaziyatdan kelib chiqib ish tutaman.
Anish Giriga qarshi tayyorgarlikni ChessBase orqali qilaman. Partiyalarini ko‘rib chiqaman va variantlarni takrorlayman.
U ijtimoiy tarmoqlarda nima yozayotgani bilan esa qiziqmayapman. Bu men uchun muhim emas».
13 aprel turnirda dam olish kuni. Sindorov bo‘sh vaqtida padel-tennis va kompyuter o‘yinlarini o‘ynamoqchi ekanini qo‘shimcha qilgan.
«Dam olmoqchiman, videoo‘yinlar… Balki Counter-Strike ham o‘ynarman», – deydi u.
13-tur bahslari 14 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:45 da boshlanadi. Giriga qarshi bahsda Sindorov qora donalarda o‘ynaydi. Shaxmatchilarning birinchi davradagi bahsida durang natija qayd etilgandi.
Sindorov turnirda chempionlikni rasmiylashtiradigan bo‘lsa, jahon chempioni unvoni Dommaraju Gukesh bilan o‘ynash huquqini qo‘lga kiritadi.
Mavzuga oid
18:36 / 12.04.2026
Sindorov Nakamura bilan durang qayd etdi va chempionlikka yaqinlashdi
22:55 / 11.04.2026
Sindorov Karuana bilan durang o‘ynadi. U 2 ochkolik farq bilan peshqadamlikda davom etmoqda
19:28 / 11.04.2026
«Sindorov-Karlsen bahsini jon deb ko‘rgan bo‘lardim» - Garri Kasparov
11:44 / 10.04.2026