Pokiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan dastlabki yuzma-yuz muzokaralarda AQSh va Eron delegatsiyalari qandaydir kelishuvga kela olmadi. Vitse-prezident Jey Di Vens Eron tomonidan yon berilishiga erisha olmagani kutilmagan holat emas: muzokaralar boshlanishi arafasida tomonlarning bayonotlarida ziddiyat shu qadar kuchli ediki, muzokaralar mavzusi amalda nima bo‘lishi oxirigacha tushunarsiz qolayotgandi.

Tahlilchilar qayd etishicha, Islomoboddagi muzokaralar ham fevral oyida Jyenevadagi muvaffaqiyatsiz yakunlangan muzokaralar bilan bo‘lgani kabi sxemada boshi berk ko‘chaga kirib qolgan – undan farqi, bu safar Eron yadro dasturiga Tehron qo‘lidagi kuchli qurol bo‘lib chiqqan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ham qo‘shilgan.

Endi Tramp ma’muriyati yoqimsiz variantlardan birini tanlash qarshisida qolgan: Tehron bilan uning yadroviy dasturi kelajagi haqida uzoq davom etadigan muzokaralar yoki urushni qaytadan boshlash (bu urush esa allaqachon keng ko‘lamli energetika inqiroziga olib kelgan), shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat uchun uzoq davom etadigan kurash.

Bu ssenariylarning har biri muhim strategik va siyosiy kamchiliklarga ega.

Vens muzokaralar tafsilotlariga to‘xtalmadi, faqat Eron tomoniga yadro dasturini butunlay to‘xtatishni nazarda tutuvchi taklifni yetkazgani va bu taklif rad etilganiga ishora qildi.

«Biz qizil chiziqlarimiz qayerdan o‘tishini aniq qilib tushuntirdik. Ularga qaysi masalalarda yon berishga tayyorligimizni ham. Ular esa shartlarimizni qabul qilmaslikka qaror qilishdi», – dedi Vens jurnalistlarga.

«Biz bu yerdan juda oddiy taklif bilan ketyapmiz, bu bizning o‘zaro kelishuvga erishish uchun eng yaxshi va yakuniy taklifimiz. Ko‘ramiz, eronliklar uni qabul qilarmikin», – deya qo‘shimcha qilgan u.

Eron esa muzokaralardagi muvaffaqiyatsizlikni tomonlar o‘rtasida o‘zaro ishonch yo‘qligi bilan bog‘ladi.

Eron parlamenti spikeri, Pokistondagi muzokaralarda Tehron delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Muhammad-Boqir G‘olibof AQSh uchun «eronliklar ishonchini qozonish yoki yo‘qligini hal qilish vaqti kelgani»ni aytgan.

Iranian Foreign Ministry / EPA / Scanpix / LETA