Tadbir davomida davlat va xususiy sektorlarda raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha asosiy natijalar taqdim etildi. Ishtirokchilar va mehmonlarga “Raqamli hukumat” konsepsiyasi doirasidagi ilg‘or yechimlar, shuningdek transport, bojxona va soliq ma’murchiligi, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, energetika, geologiya, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi ishlanmalar namoyish etildi.

Fintex yo‘nalishining asosiy ishtirokchilaridan biri sifatida O‘zbekistonning naqdsiz hisob-kitoblar milliy infratuzilmasini taqdim etuvchi HUMO to‘lov tizimi qatnashdi.

HUMO: milliy to‘lov tizimi texnologik mustaqillikning asosi hisoblanadi

“MBPM” AJ (HUMO) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 sentabrdagi PQ-3945-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan. O‘z protsessing markazining yaratilishi mamlakat moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, texnologik mustaqillikni ta’minlash, to‘lov xizmatlari bozorida raqobat muhitini shakllantirish hamda xalqaro to‘lov tizimlariga qaramlikni kamaytirish yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi.

Milliy infratuzilmani rivojlantirishning iqtisodiy samarasi allaqachon sezilarli darajaga yetdi: faqat 2025 yilda HUMO yechimlaridan foydalanish orqali mamlakat iqtisodiyoti ichida qariyb 600 million AQSh dollari saqlab qolindi, bu esa bozor ishtirokchilari xarajatlarini kamaytirib, resurslarni milliy va texnologik loyihalarni rivojlantirishga yo‘naltirish imkonini berdi.

Strategik yo‘nalish — o‘zbek so‘mining ekspansiyasi va to‘lov usullarini global miqyosda rivojlantirish

Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston bozorlarida xalqaro to‘lov tizimlari faol kengayayotgan bir paytda, HUMO mamlakatning o‘z “moliyaviy relslari” asosida mustaqil to‘lov infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan rivojlanish strategiyasini amalga oshirmoqda.

HUMO’ning asosiy strategik ustuvor yo‘nalishi — xalqaro bozorda so‘mda eng qulay to‘lov tizimini yaratish.

Kompaniya O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga quyidagi imkoniyatlarni taqdim etuvchi yechimlarni rivojlantirmoqda:

 * xorijda tovar va xizmatlar uchun milliy valutada to‘lov qilish;

 * mamlakat tashqarisida ham odatiy to‘lov vositalaridan foydalanish;

 * xalqaro to‘lov tizimlariga nisbatan yanada qulay shartlarga ega bo‘lish.