Yaqqol ustunlik

O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov Kiprda bo‘lib o‘tayotgan 2026 yilgi Nomzodlar turnirida muddatidan oldin g‘olib bo‘ldi.

Dunyoning sakkiz nafar kuchli shaxmatchilari ishtirok etayotgan turnir davomida o‘zbekistonlik 20 yoshli shaxmatchi birinchi o‘rindan pastga tushmadi. U birinchi davrada rossiyalik Andrey Yesipenko, hindistonlik Rameshbabu Pragnanadha, amerikalik Fabiano Karuana va Hikaru Nakamura hamda xitoylik Vey I ustidan qozonilgan g‘alabalardan keyin turnirning yaqqol favoritiga aylangandi.

E’tiborli tomoni, u aksariyat partiyalarda raqiblarining yurishlarini oldindan topish orqali vaqt borasida katta ustunlikka erishdi va ularni endshpilda ilojsiz holatda qoldiraverdi.

Ikkinchi davrada u azaliy raqibi hisoblangan Rameshbabuni yana bir bor mag‘lub etdi va shundan keyin uning chempionligiga deyarli hech kimda shubha qolmadi.

O‘zbekistonlik shaxmatchi turnir jadvalida raqiblaridan o‘zib ketganidan keyin tavakkalchilikdan tiyilib, asosiy e’tiborini natijaga qarata boshladi va kerakli duranglar orqali masofani ushlab turdi.

13-tur arafasida esa unda muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtirish imkoniyati yuzaga keldi. U bu vaqtga kelib 12 imkoniyatdan 9 ochko jamg‘argan va ikkinchi o‘rindagi Anish Giridan ikki ochkoga oldinda edi. O‘zaro bahsda durang ham chempionlik uchun kifoya qilardi.

Sindorov qora donalarda o‘ynaganiga qaramay, qariyb to‘rt soatga cho‘zilgan partiyada ishonchli himoyalandi. Aksar sipohlar almashib yuborilganidan so‘ng o‘yin texnik jihatdan murakkab bo‘lgan ruxlar ishtirokidagi endshpilga o‘tdi va yakunda Girida durangga rozi bo‘lishdan boshqa chora qolmadi.

Sindorov esa g‘alabaga teng durangdan keyin chempionlikni muddatidan oldin rasmiylashtirdi. Endi so‘nggi tur natijalaridan qat’i nazar hech kim unga yetib ololmaydi.

Rekordlar

10-turda Rameshbabu ustidan qozonilgan g‘alaba Sindorov uchun turnirdagi 6-g‘alaba bo‘ldi va bu ikki davrali turnirning zamonaviy formati uchun rekord natijaga aylandi.

Bunga qadar turnir tarixida hech bir shaxmatchi 6 g‘alabaga erishmagandi.