NATO parchalanib ketgan taqdirda, Isroil ta’siri ostida AQShning Turkiya bilan ittifoqchiligi barham topadi. Yevropa Ittifoqi esa o‘z mudofaa alyansini tuzadi va unga Turkiyani qo‘shmaydi, boz ustiga bu alyansda Kiprning ham bo‘lishi – Turkiya-YeI nizosiga harbiy tus beradi. Isroil Turkiyaning raqiblari bo‘lmish Gretsiya va Kipr bilan ittifoq tuzgan va endi Hindiston bilan ham harbiy yaqinlikni kuchaytiryapti.

Shu hafta Turkiyaning Antalya shahrida yirik xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Isroil, Gretsiya va Kipr o‘rtasida shakllanayotgan ittifoqni “mintaqadagi musulmon davlatlari uchun jiddiy tahdid” deb atadi. Jumladan, Fidan ushbu ittifoqni Turkiyaning o‘zi uchun tahdid ekanini urg‘uladi.

Isroil, mintaqadagi ba’zi arab davlatlari, Afrika davlatlari hamda Hindiston, Gretsiya va Kipr ishtirokidagi mintaqaviy blok shakllanishiga izoh berarkan, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu: “Maqsadimiz – real vaziyat, umumiy tahdidlar va radikal oqimlarga qarshi kurashish bo‘yicha mushtarak bo‘lgan davlatlar o‘qini shakllantirishdir. Radikal shia o‘qi bilan kurashishdir. Shuningdek, endi shakllanayotgan radikal sunniy o‘qiga qarshi ham birlashishdir”, degan edi.

Netanyahu “endi shakllanayotgan radikal sunniy o‘qi” deganda avvalo Turkiya va unga yaqin davlatlarni nazarda tutgandi.

Isroil sobiq bosh vaziri Naftali Bennet ham “Erondan keyingi raqibimiz Turkiya bo‘ladi” degan mazmundagi bayonotlari jiddiy shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Isroildagi hukumatga yaqin OAVlar, tahlil markazlari va siyosatchilar Turkiyani navbatdagi nishon sifatida ko‘rishlarini ochiq gapirishmoqda.

Darhaqiqat, keyingi yillarda Isroilning Gretsiya, Kipr, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari bilan strategik hamkorligi jiddiy o‘sdi. Gretsiya tashqi siyosati markazida Turkiya turadi, ya’ni Turkiya bilan tirashuv. Janubiy Kipr ham Turkiyani o‘zi uchun eng asosiy dushman sifatida ko‘radi. Hindiston bilan Isroil o‘rtasidagi harbiy-strategik hamkorlik faqat o‘sib bormoqda.

Bu fonda Turkiya Pokiston bilan jiddiy yaqinlashdi hamda Pokiston–Saudiya mudofaa paktiga qo‘shildi. Bu bilan Hindistonning Turkiyaga ishonchsizligi faqat oshdi.

Keyingi vaqtlarda Tramp NATOdan jiddiy norozi. Ayniqsa, AQSh–Eron urushi fonida, u erisha olmagan maqsadlarining o‘chini jumladan NATOdan ham olyapti. “Menga eng kerakli paytda, NATO yordamga kelmadi” deya, AQShni NATOdan chiqib ketish g‘oyasini tez-tez ko‘tarmoqda.