Octotelecom kontent-provayderi Humo kartalari bo‘yicha 13131 qisqa raqamidan yuboriladigan SMS-xabarnomalar narxi 1 maydan boshlab 168,4 so‘mga oshirilishi haqida xabar bergandi. Bu iste’molchilarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng Humo to‘lov tizimi operatori bo‘lgan Milliy banklararo protsessing markazi narx avvalgi darajada saqlanib qolinishini e’lon qildi.

Kompaniya foydalanuvchilar murojaatlari va xizmat ahamiyatini inobatga olib, Octotelecom’ga amaldagi tarifni saqlab qolish bo‘yicha rasmiy xat yuborgan. Qo‘shimcha tahlil natijasida uni o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

«Qo‘shimcha tahlillar va Octotelecom bilan konstruktiv muloqot yakunlariga ko‘ra, amaldagi tarifni saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 2026 yil 1 maydan boshlab 13131 raqamidan keluvchi bitta kiruvchi SMS-xabar narxi o‘zgarmaydi va 84,2 so‘mni tashkil etadi», deyiladi xabarda.