27-29 aprel kunlari Superligada 10-tur o‘yinlari o‘tkazildi.

PAXTAKOR 2:2 NASAF

Gollar: Hojiakbar Alijonov , 42 (1:0), Sardor Bahromov, 56 (1:1), Flamarion, 90+2 pen (2:1), Bobur Abduholiqov, 90+3 (2:2)

Chetlatish: Quvonchbek Xushvaqtov, 89 (Nasaf)

«Paxtakor» o‘z maydonida «Nasaf» bilan o‘ynadi. Bahs gollarga va hodisalarga boy tarzda o‘tdi. Peshqadam ikki marta hisobda oldinda borayotganiga qaramay, g‘alabani ushlab qololmadi. «Paxtakor» so‘nggi daqiqalarda penaltidan gol urgach, 3 ochkoni oladigandek ko‘rindi, ammo «Nasaf» kuchli iroda namoyish etib, Bobur Abduholiqov goli evaziga hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Oqibatda «Paxtakor» jadvaldagi peshqadamlikni boy berdi.

NeFTChI 4:0 QO‘QON-1912

Gollar: Zoran Marushich, 4 (1:0), Ratino, 6 (2:0), Xurshid G‘iyosov, 46 (3:0), Xurshid G‘iyosov, 55 (4:0)

Chetlatish: Javohir Siddiqov, 42 (Qo‘qon-1912)

«Neftchi» Farg‘ona derbisida «Qo‘qon-1912»ni ishonchli tarzda mag‘lub etdi. Mezbonlarga tezkor gollar va raqibning bir futbolchi kam bo‘lib qolishi ham qo‘l keldi. Xurshid G‘iyosov o‘yinda ikkita gol sohibi bo‘ldi. Bu g‘alaba «Neftchi»ga yana yakka peshqadam bo‘lib olishiga imkon berdi. Jamoa «Paxtakor»dan 2 ochkoga o‘zib ketdi.

BUNYoDKOR 2:1 NAVBAHOR

Gollar: Shohmalik Komilov, 2 (0:1), Matia Krivokapich, 28 (1:1), Matia Krivokapich, 58 (2:1)

«Bunyodkor» o‘z maydonida «Navbahor»ni irodali tarzda mag‘lub etdi. Namanganliklar dastlabki daqiqalarda hisobni ochgan edi. Ammo keyinchalik mezbonlar chernogoriyalik Matia Krivokapich gollari evaziga g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi. Bu g‘alabadan keyin «Bunyodkor» 19 ochko to‘plab, «Navbahor»dan o‘zdi va uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.

MASh’AL 0:1 BUXORO

Gol: Sherzod Esanov, 86 (0:1)

Chetlatish: Rashid Abubakar, 66 (Mash’al), Asadbek Jo‘raboyev, 76 (Buxoro)

«Mash’al» qatorasiga 10-o‘yinni yutqazdi. «Buxoro» anchagacha mezbonlar qarshiligini sindira olmadi. Faqat so‘nggi daqiqalarda urilgan gol buxoroliklarga 3 ochko keltirdi.