Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashiyev hokimiyatni kuch bilan egallab olish hamda mansab vakolatini suiiste’mol qilish bo‘yicha ayblanmoqda. Bu haqda uning advokati Ikromiddin Aytqulov Kaktus.Media nashriga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, siyosatchigaga nisbatan «hech qayoqqa ketmaslik to‘g‘risida tilxat» ehtiyot chorasi tanlangan. Ishni Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligi tergov qilmoqda.

Qirg‘iziston IIV hozircha bu haqda rasman xabar bermagan.

Advokat o‘z mijozi qo‘yilgan ayblovni tan olmaganini ma’lum qilgan.

29 aprel kuni Tashiyev vazirlikning bosh tergov boshqarmasiga ikki marta so‘roq uchun chaqirilgani xabar qilingandi. Tundagi ikkinchi so‘roqdan keyin unga nisbatan ayblov e’lon qilingani haqidagi ma’lumot tasdiqlandi.

Tashiyevning o‘zi esa aybsizligini va sud adolatli qaror qabul qilishiga ishonishini aytmoqda. Siyosatchi o‘z tarafdorlarini qonun doirasida harakat qilishga va namoyishlar uyushtirmaslikka chaqirgan.

«Men o‘zimga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish yuzasidan sizlarga murojaat qilishim kerak deb hisobladim. Ushbu jinoiy ishda o‘zimni to‘laqonli himoya qilish imkoniyatiga egaman. Men aybdor emasman va, Xudo xohlasa, oqlanaman. Aybdorlar jazolanadi, aybsizlar oqlanadi, chunki davlatimiz rahbari mamlakatimizda adolatli sud tizimini yaratish uchun harakat qilmoqda», – deya yozgan siyosatchi Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Japarov va Tashiyev tandemi

Hozirda 57 yoshda bo‘lgan Qamchibek Tashiyev o‘n yildan ortiq vaqtdan buyon Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning yaqin safdoshlaridan bo‘lib kelgan. Japarov 2020 yil oktyabrida hokimiyatga kelganida Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari va bosh vazir o‘rinbosari lavozimini egallagan.

Oldingi prezidentlar davrida Tashiyev ham Japarov kabi muxolifatda edi. 2010-yillarda ularning ikkisi ham hokimiyatni egallab olishga urinish bo‘yicha ishda figurantga aylanishgan va sud jarayonlari chog‘ida hibsda bo‘lishgan.

Tashiyev so‘roqqa chaqirilishi va unga nisbatan ayblov e’lon qilinishidan bir necha kun oldin, 25 aprel kuni parlament deputati Elvira Surabaldiyevaning u haqdagi intervyusi chiqqandi. Deputat jurnalistlarga Tashiyevning fevral oyida lavozimdan olinishi uning davlat to‘ntarishiga urinishni uyushtirishga aloqadorligi bilan bog‘liq ekanini aytgan.