Yiğilişda ta’kidlanişiça, “Özbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, AT xizmatlari va dasturiy mahsulotlar eksportini 5 milliard dollarga yetkaziş, sohada 300 ming nafar yoşlarni band qiliş hamda BMT Elektron hukumat indeksida yurtimizni dunyoning yetakçi 30 davlati qatoriga kiritiş ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Qayd qilinişiça, hozir sun’iy intellekt yönalişida 100 ga yaqin amaliy loyiha va 200 dan ortiq tajriba-sinov taşabbuslari boşlangan. Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitiş fabrikasida sun’iy intellekt yordamida işlab çiqariş zanjirini real vaqt rejimida tahlil qiliş yölga qöyilgani natijasida energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga qisqargan, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oşgan.
Bunday loyihalar samaradorligini ta’minlaş uçun 24 million dollarlik GPU-klasterga ega sun’iy intellekt infratuzilmasi işga tuşirilgan. Yil yakunigaça qöşimça hisoblaş quvvatlarini kengaytiriş uçun yana 45 million dollarlik uskunalarni jalb qiliş rejalaştirilgan. Ta’kidlanganidek, endi bu infratuzilmadan töğri va samarali foydalaniş, uni tarmoqlar kesimida aniq natija beradigan yeçimlar bilan boğlaş muhim ahamiyat kasb etadi.

Şu maqsadda tibbiyot, energetika, transport, bojxona, soliq, qişloq xöjaligi va boşqa sohalarga oid 130 dan ziyod ma’lumotlar bazasini tizimlaştiriş, ular bilan işlaş muhitini şakllantiriş hamda sun’iy intellekt modellarini joriy qiliş rejalari körib çiqildi. Bu orqali davlat xizmatlarida foydalanuvçilarga taqdim etiladigan servislarni kengaytiriş, davlat boşqaruvi jarayonlarida tahlil va qaror qabul qiliş sifatini oşiriş, şuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida xarajatlarni kamaytiriş va samaradorlikni yuksaltiriş közda tutilmoqda.
Taqdimotda sun’iy intellekt texnologiyalarini qöllaşning sohaviy yönalişlariga ham alohida töxtalib ötildi.
Xususan, soğliqni saqlaşda insult va kökrak bezi saratonini erta aniqlaş, tibbiy körik jarayonlarini avtomatik bayonlaştiriş, raqamli tibbiy yordamçi dasturlarni joriy etiş; qişloq xöjaligida ekinlar hosildorligini prognoz qiliş, fitosanitar xavflar böyiça fermerlarning xabardorligini ta’minlaş, yaylovlarning holatini monitoringini uyuştiriş; transport sohasida yöl qoplamalari va temir yöl infratuzilmasini monitoringini ötkaziş, haydovçini xavfli vaziyatlardan ogohlantiriş, «aqlli» transport tizimlarini rivojlantiriş; quriliş va sanoatda esa qonunbuzarliklarni aniqlaş, smeta hujjatlarini körib çiqiş muddatini qisqartiriş, videotahlil orqali işlab çiqariş jarayonlarini nazorat qiliş kabi loyihalarni kengaytiriş nazarda tutilgan.














