Britaniya qiroli Charlz III rasmiy tashrif bilan Amerikaga bordi. Hozir Amerika va Britaniya munosabatlari havas qilgulik emas. O‘zi hozir juda ko‘p davlatlar Amerika bilan tarang munosabatda. Sababini bilasiz, doim takrorlash shart emas. Ingliz qirolining Amerikaga tashrifi doim katta voqelik bo‘lgan, axir Britaniya o‘z vaqtida Amerikani koloniya qilgan, hozirgi Amerika bayrog‘idagi 13 ta chiziq ham o‘sha paytdagi Britaniya koloniyalarini ifodalaydi va Amerika tashkil topganidan buyon inglizlar tilida gaplashib keladi.

Ziyofat qiroli

Sarlavhada qirol va qirolmas uchrashuvi deb yozdik, bu so‘z o‘yinining ma’nosini tushungan bo‘lsangiz kerak. Charlz III Britaniya taxtining rasmiy rahbari, qirol. Tramp esa oxirgi vaqtlarda hatto qirollarning tushiga kirmaydigan ishlar bilan band. Vakolatlari cheksiz bo‘lib borayotgan Trampga qarshi namoyishlarda amerikaliklar No Kings (qirollarga yo‘q) deb banner ko‘tarishdi. Chunki Amerika demokratik davlat, ular prezident saylaydi, qirolchasiga boshqaruvga o‘rganishmagan. Demak, sarlavhadagi qirol – Charlz III, qirolmas – mister Tramp.

Britaniya qirolining Amerikaga tashrifi butun Yevropa uchun muhim edi. Tramp oxirgi vaqtlarda Yevropaga nisbatan juda yomon munosabatda, ularni salkam dushman deb hisoblamoqda. Tramp eng kam tanqid qilayotgan Yevropa davlati Rossiya bo‘lmoqda. Bu holatda ko‘hna qit’a va Amerika munosabatlarini sal bo‘lsa ham yumshatish zarar qilmasdi. Yevropa har qancha birdam bo‘lmasin, Amerika juda kuchayib ketgan, ular bilan hisoblashmasa bo‘lmaydi. Qirol Charlz III aynan shu uchun Vashingtonga bordi.

Oq uydagi tantanali ziyofat qirol tashrifining eng muhim qismiga aylandi. Unda nutq so‘zlagan Charlz III bir nechta hazili bilan amerikaliklarga yaxshigina tarixiy eslatmalar berdi: «Janob prezident, yaqinda chiqishlaringizdan birida AQSh bo‘lmasa, yevropaliklar nemischa gaplashib yurgan bo‘lardi dedingiz. Men bu borada gapirishga jazm qilib aytmoqchimanki, biz bo‘lmasak siz ham fransuzcha gaplashayotgan bo‘lardingiz».

Bu juda kuchli hazil bo‘ldi. Amerikani koloniya qilish uchun inglizlar va fransuzlar kurashgan, oxir-oqibat Britaniya buni uddalagan, qirol shunga ishora qildi. Tramp ikkinchi jahon urushida AQSh bo‘lmasa Hitler g‘olib bo‘lib, hammangizni nemischa gapirtirardi, degandi. Qirol Trampning hech qanday qog‘ozga o‘ralmagan iddaosiga oriylarcha qog‘ozga o‘ralgan juda kuchli hazil bilan javob berdi.

Endi navbatdagi hazilga e’tibor bering: «bu yerga kelarkanman, Oq uy sharqiy qanotidagi o‘zgarishlarni payqamasligim mumkin emasdi. Buni aytishdan afsusdaman, lekin biz britaniyaliklar ham 1814 yil Oq uyni qayta loyihalash bo‘yicha o‘z urinishimizni amalga oshirgandik». 1814 yilda inglizlar AQSh ustidan g‘alaba qozonib, Vashingtondagi hukumat binolarini yoqib yuborgandi. Qirol o‘sha voqeaga ishora qildi.