Uchrashuvda sheriklik aloqalarini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari O‘zbekiston “yashil” energetika sohasining asosiy hamkori bo‘lgan ACWA Power faoliyatini yuqori baholadi. O‘tgan yil dekabr oyida boshlangan yangi investitsiya tashabbuslari, jumladan, quyosh va shamol elektr stansiyalarini barpo etish loyihalari belgilangan rejalar asosida izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Muloqot davomida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “Yangi Toshkent” xalqaro aeroporti qurilishini boshlash, Farg‘ona shahrida ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasini barpo etish, IT-parkda zamonaviy ma’lumotlar markazini ishga tushirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida saudiyalik investorlar O‘zbekistondagi islohotlar va yaratilgan qulay investitsiya muhiti uchun minnatdorlik bildirib, loyihalarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.