O‘zbekiston | 17:46 / 06.05.2026
1916
3 daqiqa o‘qiladi

Lisenziya 14 kun emas, 5 daqiqada: qurilishda byurokratiyani qisqartirish choralari belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 may kuni qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida byurokratiyani qisqartirish va nazorat ishlari natijadorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish, ruxsat berish jarayonlarida byurokratiyani kamaytirish, qurilish obektlari ustidan nazoratni raqamlashtirish va inson omilini qisqartirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, hozir qurilishni boshlash uchun ruxsat olishda jami 8 ta hujjat talab etiladi. Bu jarayon ayrim hollarda 3 oydan 12 oygacha cho‘zilmoqda. Shu bois 2 ta hujjatni talab qilishni bekor etish, yana 2 ta hujjatni esa raqamli integratsiya hisobiga shakllantirish taklif etildi. Natijada ariza berish va ko‘rib chiqish uchun ketadigan vaqt 7 barobar qisqaradi.

Yangi tartibga ko‘ra, loyihalashga ruxsatnoma va arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i berish jarayonlari yagona hujjatga birlashtiriladi. “ShaffofAI” tizimi orqali ushbu jarayon inson omilisiz, avtomatik tarzda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Buning natijasida 30 ish kunigacha davom etadigan jarayon to‘liq avtomatlashtiriladi.

Loyiha-qidiruv, qurilish-pudrat va ekspertiza tashkilotlarini litsenziyalashda ham yangi tartib joriy etiladi. Bugungi kunda ariza berishda 3 tadan 30 tagacha hujjatni ilova qilish talab etilib, qaror qabul qilish 14 ish kunigacha cho‘zilmoqda. Taklif etilayotgan tizimda ma’lumotlar elektron bazalar orqali avtomatik tekshiriladi, hujjat ilova qilish talabi bekor etiladi. Lisenziyani rasmiylashtirish muddati 14 ish kunidan 5 daqiqagacha qisqaradi, qaror qabul qilish jarayoni 97 foizga tezlashadi.

Qurilish obektlarini foydalanishga qabul qilish jarayoni ham soddalashtiriladi. O‘tgan yili bu borada berilgan 20 mingdan ortiq arizalar turli sabablar bilan rad etilgan. Kamchiliklarni bartaraf etish uchun buyurtmachilar 1 oydan 3 oygacha vaqt sarflamoqda.

Endi davlat obektlarini foydalanishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar soni 3 tadan 1 taga qisqartiriladi. Texnik va mualliflik nazoratchilari xulosalari, muvofiqlik deklaratsiyasi va boshqa ma’lumotlar raqamli tizimlar orqali shakllantiriladi. Bu orqali obektni qabul qilish muddati 2 oydan 15 kungacha qisqaradi.

Shu bilan birga, binoning mustahkamligi va yong‘in xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan arxitekturaviy yoki rejaviy o‘zgarishlar sabab obektni foydalanishga qabul qilishni rad etish amaliyoti qayta ko‘rib chiqiladi. Bunday holatlarda zarur korrekturalar kiritilib, obektni qabul qilish imkoniyati yaratiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid