18 may kuni London fond birjasida (LSE) Özbekiston Milliy investitsiya jamğarmasi (UzNIF) aksiyalarining ilk ommaviy joylaştirilişi bölib ötdi. Davlat idoralarida işlagan rahbarlarning özi nazorat qilgan taşkilotlarga işga ötişiga nisbatan çeklov joriy etilişi mumkin. Buxoroda bezori yoşlar, Farğonada talonçilar tödasi uşlandi. Uçta davlat taşkilotining 23 mlrd sömlik davlat xaridlarida qoidabuzarliklar aniqlandi. Kunning muhim yangiliklari bilan taniştiramiz.
Özbekiston aksiyalari London fond birjasiga joylaştirildi
18 may kuni dunyoning eng yirik va qadimiy birjalaridan biri - London fond birjasida (LSE) Özbekiston Milliy investitsiya jamğarmasi (UzNIF) aksiyalarining ilk ommaviy joylaştirilişiga bağişlangan rasmiy marosim bölib ötdi.
Tadbirda prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamda Özbekiston prezidentining iqtisodiy siyosat böyiça maslahatçisi örinbosari Obid Hakimov iştirok etdi. Avvalroq Milliy investitsiya jamğarmasining 31 foiz uluşi 603,6 mln dollarga sotilgani xabar qilingandi.
UzNIF portfeliga quyidagi kompaniyalar kiradi: «Hududiy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari», «Özbekgidroenergo», «Özbektelekom», «Uzbekistan Airways», «Temiryölinfratuzilma», «Hududgazta’minot», «Toşşahartransxizmat», «Özbekiston MET» AJ, «Özbekiston respublika tovar-xomaşyo birjasi», «Özbekinvest», «Özsuvta’minot» va «Özsanoatqurilişbank».
Ikki yillik çeklov: sobiq amaldorlar uçun yangi tartib taklif etildi
Davlat idoralarida işlagan ayrim rahbar va mas’ul xodimlarning özi nazorat qilgan taşkilotlarga işga ötişiga nisbatan yangi çeklovlar joriy etilişi mumkin. Bu böyiça tegişli nizom loyihasi işlab çiqildi.
Loyihaga köra, davlat organi yoki boşqa taşkilotda mehnat şartnomasi tugatilgan yoki xizmatdan böşatilgan xodim sönggi ikki yil davomida özi bevosita yoki bilvosita nazorat qilgan taşkilotga işga qabul qilinişi uçun korrupsiyaga qarşi içki nazorat bölinmasining xulosasi talab etiladi.
Hujjatda ta’kidlanişiça, mazkur tartibning asosiy maqsadi manfaatlar töqnaşuvining oldini oliş, xizmat vakolatlaridan şaxsiy manfaatlar yölida foydalaniş xavfini kamaytiriş hamda «aylanma eşik» holatlariga yöl qöymaslikdan iborat.











