Endi ayrim ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar Qo‘riqlash xizmatining mansabdorlari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Erini urgan ayol jinoiy javobgarlikka tortilib, yirik miqdorda jarima to‘laydigan bo‘ldi. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasini jahon chempionatiga kuzatish tadbiri o‘tkaziladi. Voyaga yetmagan bola mashinada uch qizni urib yubordi, ulardan biri vafot etdi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekiston milliy jamoasini jahon chempionatiga kuzatish tadbiri o‘tkaziladi

22 may kuni Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasini jahon chempionatiga tantanali kuzatish marosimi o‘tkaziladi.

Shu sabab ayrim ko‘chalarda soat 16.00–21.00 oralig‘ida transport vositalari harakati vaqtincha cheklanadi.

AQSh, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadigan jahon chempionati 11 iyun kuni boshlanib, 19 iyulda yakunlanadi. Turnirda ilk bor 48 jamoa ishtirok etadi. O‘zbekiston milliy jamoasi guruh bosqichida Portugaliya, Kolumbiya va Kongo DR bilan o‘ynaydi.

Bungacha Fabio Kannavaro bosh murabbiyligidagi o‘zbekistonliklar 1 iyun kuni Edmonton shahrida Kanada milliy jamoasi, 8 iyun kuni Nyu Yorkda Niderlandiya milliy jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi.

Qo‘riqlash xizmatiga yangi vakolatlar berildi

Endi ayrim ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash xizmatining mansabdor shaxslari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bu haqda 19 may kuni qabul qilingan qonunda so‘z boradi.

Unga ko‘ra, quyidagi ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar IIO huzuridagi Qo‘riqlash xizmati boshlig‘i va o‘rinbosarlari tomonidan ko‘rib chiqiladi:

- jamoat joylarida tamaki va alkogol mahsulotini iste’mol qilish;

- belgilanmagan joylarga chiqindilarni tashlash va to‘kish;

- voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish;

- maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish;