AQSh hukumati va FIFA rasmiylari JCh-2026 arafasida futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Senegal milliy jamoalariga ko‘rsatilgan munosabat tufayli tanqidga uchramoqda: ikki jamoa vakillari ham metall detektorlar va iskovuch itlar yordamida qattiq tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko‘ra, O‘zbekiston vakillarini Nyu Yorkda, Niderlandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuviga yetib kelishgani tekshirishga qaror qilishgan. Videoda jamoa avtobusidan tushib kelayotgan Fabio Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabi vakillaridan smartfonlarini berish va cho‘ntaklarini ochib ko‘rsatish so‘ralgani aks etgan.
Shuningdek, jamoa vakillarining sumkalari yerga to‘plangan va iskovuch it yordamida tekshirilgan.
Shundan keyingina jamoaga stadionga kirishga ruxsat berilgan.
O‘z navbatida, Niderlandiya futbolchilari bunday tekshiruvdan o‘tkazilmagan.
Afrikaliklar jamoasi bilan bog‘liq vaziyat esa undan ham o‘tib tushdi – Texas shtati San-Antonio shahridagi aeroportga qo‘ngan futbolchilar samolyotdan tushishi bilanoq tekshirilgan.
Videoda futbolchilar va delegatsiyaning boshqa vakillari to‘g‘ridan to‘g‘ri tekshiruv maydonida sinchiklab tekshiruvdan o‘tkazilayotganini ko‘rish mumkin: xavfsizlik xizmati xodimlari mehmonlarni qo‘l metall detektor bilan tekshirishgan, keyin esa ular oyoq kiyimlarni yechish hamda sumkalarni ochib ko‘rsatishga majburlangan.
Ko‘plab muxlislar bunday choralarni haqoratomuz deb baholamoqda.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bunday tekshiruvlar Yevropa yoki boshqa qit’alardagi oldingi jahon chempionatlarida kuzatilmaganini qayd etishmoqda. Shuningdek, Afrika va Osiyo vakillariga ayricha munosabatda bo‘linayotgani haqida ayblovlar yangramoqda.
«Bu delegatsiyalarning barchasi ortiga qaytishi va FIFA jahon chempionatini yakka o‘zi o‘tkazishiga qo‘yib berishi kerak. Bu o‘ta qo‘pol hurmatsizlik», – deydi AkumaCelest nikli foydalanuvchi.
«FIFA uyalishi kerak. Bu osiyoliklar, janubiy amerikaliklar va afrikaliklar bilan sodir bo‘ladi. Hech bir yevropalik mulozim yoki sportchi bunday kamsitilishga duchor bo‘lmaydi», – deya uning fikriga qo‘shiladi dimotc.
«Ularga jinoyatchilardek muomala qilishdi. Eron jamoasi bilan yanada yomonroq bo‘ladi», – deya qayd etgan KvThgio.
Bu birinchi mojaro emas
Shu kunlarda somalilik arbitr Umar Artanni AQShga kiritishmagani ma’lum bo‘lgandi. U Afrikaning 2025 yildagi eng yaxshi hakami sifatida e’tirof etilgani va diplomatik pasportga egaligiga qaramay, hech qanday izohsiz unga rad javobi berilgan va Istanbulga qaytarib yuborilgan.










