Yig‘ilishda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi. Ushbu qonun parlament tomonidan qabul qilingan.
Qonun bilan Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli yangi bob kiritilmoqda, bu orqali aholi, ayniqsa, yoshlar salomatligiga tahdid solayotgan xavfli qilmishlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Narkojinoyatlarning zamonaviy usul va shakllari inobatga olinib, g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish, narkotiklarning noqonuniy muomalasiga rahnamolik qilish, bangixona tashkil etish kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, 10 dan ortiq xavfli qilmish bo‘yicha jazo choralari og‘irlashtiriladi.
Davlat rahbari ushbu qonun narkojinoyatchilikka qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish, aholi salomatligi va millat genofondini himoya qilishda muhim huquqiy asos bo‘lishini ta’kidladi hamda uni imzoladi.

Taqdimotda idoralararo ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan “Narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi haqida ham axborot berildi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda narkovaziyat jiddiy o‘zgarib, an’anaviy giyohvandlik vositalarining o‘rnini sintetik narkotiklar egallamoqda. Ularni tarqatish usullari ham o‘zgarib, asosan, internet orqali kontaksiz shaklda amalga oshirilmoqda. Shuningdek, mamlakat ichkarisida yashirin laboratoriyalar paydo bo‘layotgani ushbu sohada huquqiy va tashkiliy mexanizmlarni tubdan qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.
Yangi qonun loyihasida davlat siyosatining 7 ta asosiy yo‘nalishi belgilanmoqda. Ular orasida aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarda “giyohvandlikka qarshi immunitet”ni shakllantirish, internet orqali sodir etilayotgan narkojinoyatlarga barham berish, giyohvandlikning barvaqt profilaktikasi, diagnostikasi, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya tizimini takomillashtirish kabi choralar mavjud.
Loyihada narkotiklar aylanmasi, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishda bevosita ishtirok etuvchi 14 ta davlat organining vazifa va vakolatlari aniq belgilanishi nazarda tutilgan. Qonuniy muomaladagi moddalar ustidan davlat nazorati kuchaytirilib, ularni olib kirishdan tortib, realizatsiya qilishgacha bo‘lgan jarayonlar uzluksiz elektron nazorat qilinadi.








