«Do‘stlik» chegara bojxona posti orqali O‘zbekistonga kirib kelayotgan ikki nafar ayolning yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Ulardan birining kiprik bo‘yog‘i (tush) idishi ichiga uch dona quyma oltin yashirincha joylangani aniqlandi.

Uning hamrohi esa oltin bo‘laklarini atir idishi hamda ruchka ichiga joylashtirgan holda olib o‘tishga uringan.

Shuningdek, ushbu post orqali harakatlangan yana bir fuqaro shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida zargarlik buyumlarini do‘ppisining ichiga joylab, olib o‘tmoqchi bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Qonunchilikka ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun notijorat maqsadlarda respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normasi avtomobil va piyoda o‘tkazish punktlari orqali 300 AQSh dollari miqdorida belgilangan. Mazkur talablar zargarlik buyumlariga ham tatbiq etiladi. Bunda buyumlarning tayyor zargarlik mahsuloti bo‘lishi hamda notijorat maqsadlarda olib kirilishi muhim ahamiyat kasb etadi.