2 iyul kuni Oliy Majlis Senati Kengashining Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan sayyor majlisida Surxondaryo viloyati hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida o‘tkazilgan majlisda Senat ishchi guruhining parlament nazorati doirasida qonunchilik hujjatlarida belgilangan vazifalar viloyatda bajarilishini o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, viloyatda joriy yilning I choragida yalpi hududiy mahsulot hajmi 13,4 trln so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 9,1 foizga yetdi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaHM hajmi 4,4 mln so‘mni tashkil etdi. Iqtisodiyot tarmoqlarida ijobiy dinamika kuzatilib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 8,7 foizga, bozor xizmatlari 16,3 foizga, qishloq xo‘jaligi 9,7 foizga, qurilish ishlari esa 10 foizga o‘sdi.

Kuzatilgan iqtisodiy faollik natijasida 2026 yil 1 aprel holatiga ko‘ra faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari (yuridik shaxslar) soni 21,5 mingtani tashkil etib, 2025 yilning mos davriga nisbatan 8,7 foizga yoki 1,7 mingtaga ko‘paygan.
Joriy yilda viloyatda 2 mlrd AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish rejalashtirilgan bo‘lib, birinchi chorakda 499,1 mln dollar o‘zlashtirildi.

Tashqi savdo aylanmasida eksport ulushi 53 foizni tashkil etdi. Eksport hajmi 126,4 mln AQSh dollariga yettdi yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,4 foizga o‘sdi.
Investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 34 mln dollarlik 77 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida qariyb 900 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Kichik va o‘rta biznes sub’yektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2,9 trln so‘m kredit mablag‘lari yo‘naltirildi, shundan 869 mlrd so‘m mablag‘ tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratildi.












