Samarqandda temiryo‘l o‘tkazilgan damba o‘pirildi. Toshkent viloyatida issiqxonalarni demontaj qilish boshlandi. Navoiyda 34,8 mlrd so‘m keshbek o‘zlashtirib yuborilgani fosh etildi. Toshkentdagi kanalizatsiya quvurida yirik avariya yuz berdi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Samarqandda temiryo‘l o‘tkazilgan damba o‘pirildi
Samarqand viloyati Toyloq tumani hududidan o‘tgan yangi temiryo‘l tarmog‘ida favqulodda holat ro‘y berdi. Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan videoda daryo suvi temiryo‘l o‘tkazilgan dambani yuvib ketgani, oqibatda relslar tayanchsiz qolganini ko‘rish mumkin.
Hodisa Do‘stlik mahallasi hududida, temiryo‘lning Zarafshon daryosi yoqalab o‘tgan qismida sodir bo‘lgan. U 2025 yil noyabrida foydalanishga topshirilgan «Samarqand – Urgut» yangi temiryo‘l tarmog‘ining bir qismi hisoblanadi. Loyiha doirasida Samarqand va Urgut o‘rtasida 55,4 kilometrlik yangi temiryo‘l qurilgan, ikkita vokzal, ikkita to‘xtash punkti, ikkita ko‘prik hamda yuzdan ortiq sun’iy inshootlar barpo etilgan edi. «O‘zbekiston temiryo‘llari» loyiha taqdimotida aynan Zarafshon daryosi qirg‘og‘idan o‘tgan temiryo‘l izlarini suv oqimidan himoyalovchi damba qurilgani haqida ma’lum qilgandi.
Toshkent viloyatida issiqxonalarni demontaj qilish boshlandi
Maxsus komissiya tomonidan Toshkent viloyatining Qibray, Toshkent, Zangiota va Yuqori Chirchiq tumanlarida joylashgan issiqxonalarni demontaj qilish hamda ularni sun’iy isitish tizimlaridan uzish ishlari boshlandi.
Prezident hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlariga ko‘ra, Toshkent viloyati tadbirkorlari Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashgan «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasiga issiqxonalarni ko‘chirishi mumkin. Ularga ko‘chirish shartlari, imtiyozlar hamda boshqa muhim masalalar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shundan so‘ng issiqxonalar sun’iy isitish tizimlaridan uziladi va tegishli shartnomalar bekor qilinadi.
2028 yil 1 aprelga qadar «Surxon-Agro» hududiga ko‘chiriladigan issiqxonalar uchun ularni demontaj qilish, tashish hamda qayta o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlar yer maydonining har bir sotixi uchun 500 ming so‘mgacha miqdorda bir martalik tartibda qoplab beriladi.








