Jahon | 10:25
1351
3 daqiqa o‘qiladi

FT: Dizel bo‘yicha jahon bozori yangi sinovga duch keldi

Rossiyaning dizel yonilg‘isi eksportini vaqtincha taqiqlashi va Eron atrofidagi harbiy keskinlik global yonilg‘i bozoriga bosimni kuchaytirmoqda. Financial Times nashriga ko‘ra, bu holat dunyoda dizel ta’minoti bo‘yicha yangi inqirozni keltirib chiqarishi, narxlarning oshishi hamda inflatsiyaga qarshi kurashga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Foto: AP

Financial Times (FT) nashrining yozishicha, Rossiya hukumati 31 iyulgacha dizel, kema yonilg‘isi va gazoyl eksportini taqiqlagan. Bu qaror Eron bilan bog‘liq mojaro yana keskinlashgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

AQSh prezidenti Donald Tramp 8 iyul kuni Eron bilan tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amalda emasligini ma’lum qildi. Shu ortidan Fors ko‘rfazi orqali dizel va boshqa neft mahsulotlari tashuvi yana qisqardi. Bunga Ho‘rmuz bo‘g‘ozida Eron tomonidan ehtimoliy yangi hujumlar xavfi sabab bo‘layotgani aytilmoqda.

Yevropada dizel narxlari keskin oshdi

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropada dizel yonilg‘isining ulgurji narxlari so‘nggi kunlarda sezilarli darajada o‘sgan.

8 iyul holatiga ko‘ra, Yevropa dizel fyucherslarining xom neft narxiga nisbatan ustamasi bir barrel uchun rekord darajadagi 60,7 dollarga yetgan.

Xom neft narxi Eron bilan bog‘liq mojaro avj olgan davrda bir barrel uchun 100 dollardan oshib ketgan bo‘lsa, hozir taxminan 70 dollarga tushgan. Biroq dizel yonilg‘isi narxi hali ham yuqori bo‘lib, bir barreli qariyb 135 dollar atrofida savdo qilinmoqda.

Ayrim mintaqalarda taqchillik xavfi kuchaymoqda

Energetika sohasida ma’lumotlar tahlili bilan shug‘ullanuvchi Sparta kompaniyasi eksperti Nil Krosbining fikricha, Rossiya eksportiga qo‘yilgan cheklovlar Afrika, Lotin Amerikasi va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida dizel taqchilligiga olib kelishi mumkin.

Uning ta’kidlashicha, ushbu hududlar an’anaviy ravishda Rossiyadan yetkazib beriladigan yonilg‘iga katta darajada bog‘liq hisoblanadi.

Rossiyaning o‘zida ham yonilg‘i inqirozi chuqurlashmoqda

FT qayd etishicha, may oyi oxiridan beri Ukraina dronlarining neftni qayta ishlash zavodlari va yonilg‘i-energetika infratuzilmasiga hujumlari ortidan Rossiyaning o‘zida ham benzin va dizel taqchilligi kuchaygan.

Buning oqibatida ko‘plab hududlarda haydovchilar yonilg‘i quyish shoxobchalarida uzoq navbatlarda turishga majbur bo‘lmoqda, ayrim AYoQSh esa yonilg‘i yo‘qligi sababli vaqtincha ishlamayapti.

RBK agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, iyul oyi boshiga kelib Rossiyaning qariyb 60 ta hududida yonilg‘i sotuviga nisbatan turli cheklovlar joriy etilgan. Bu hisobga Rossiya nazorati ostidagi Ukraina hududlari ham kiritilgan.

Financial Times tahlilchilarining fikricha, mazkur omillar global dizel bozorida bosimni yanada kuchaytirishi, transport, qishloq xo‘jaligi va logistika sohalarida xarajatlarni oshirishi hamda jahonda inflatsiyani jilovlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni qiyinlashtirishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid