Avvalroq Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan barcha yuklarga 20 foizlik boj joriy etish g‘oyasidan voz kechgan, biroq bir vaqtning o‘zida Eron portlariga dengiz blokadasini qayta e’lon qilgandi.

«Keyingi haftada ular uchun hammasi haqiqatan ham juda yomon bo‘ladi, – degan Tramp. – Biz ularning barcha elektr stansiyalarini ishdan chiqaramiz. Agar ular muzokaralar stoliga o‘tirmasa va kelishuvni boshlamasa, ularning barcha ko‘priklarini vayron qilamiz».

Donald Tramp aprel oyida ham Erondagi fuqarolik infratuzilma obektlari, jumladan, ko‘priklar va elektr stansiyalarga zarba berish bilan tahdid qilgandi.

O‘shanda BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk «xalqaro huquqqa ko‘ra, tinch aholiga va fuqarolik infratuzilmalari obektlariga qasddan hujum qilish harbiy jinoyat hisoblanishi»ni eslatgandi.

Urush olib borishni tartibga soluvchi 1949 yilgi Jyeneva konvensiyasi tinch aholi uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan obektlarga zarba berishni taqiqlaydi.

Biroq, seshanba kuni kechqurun Special Report with Bret Baier dasturi uchun bergan intervyusida Tramp Eronning energetika infratuzilmasi Amerika zarbalarining ehtimoliy nishonlaridan biri bo‘lib qolayotganini yana bir bor ma’lum qildi.

«Energetika obektlarini oxiriga olib qo‘yaman, ammo oxir-oqibat biz ularga ham zarba beramiz», – degan AQSh prezidenti.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, seshanba kuni kechqurun amerikalik muzokarachilar Eron tomoniga qat’iy ogohlantirish yuborgan.

«Ular kelishuvni tuzgani ma’qul. Aks holda ularda hech narsa qolmaydi», – deydi Tramp.

Zarbalar almashinuvi va shikastlangan kemalar

Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi kateri. Amerika harbiylari tomonidan zarba berishdan oldin olingan surat.
U.S. Central Command / Reuters / Scanpix / LETA

AQSh markaziy qo‘mondonligi (Centcom) «Eronning kemachilikka tahdid qilish qobiliyatini yanada zaiflashtirish» maqsadida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinidagi o‘nlab nishonlariga zarbalar berganini ma’lum qildi. Eron armiyasi chorshanba kuni mamlakat janubi-sharqidagi Bampur shahridagi bazaga berilgan zarbalar oqibatida kamida yetti nafar eronlik harbiy xizmatchi halok bo‘lgani haqida ma’lum qilgan. Eron davlat nashrlari Bandar-Abbos port shahri yaqinida, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi Keshm orolida va Bandar-Humayniyda portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabar bergan. Keyinroq mamlakatdagi yagona fuqarolik atom elektr stansiyasi joylashgan Bushir porti ham zarbaga uchragani ma’lum bo‘ldi.