Sinovlar xalqaro Farnborough International Airshow aviasaloni arafasida o‘tkazildi. Loyiha NASA, BETA Technologies va Boeing kompaniyalari hamkorligida amalga oshirildi.

Muhandislar sinovlar uchun maxsus o‘zgartirilgan Saab 340B turbovintli samolyotidan foydalandi. Samolyot 9,1 kilometrdan yuqori balandlikka ko‘tarilib, odatiy yo‘lovchi avialaynerlari kreyser balandligida parvoz qildi.

Sinovlarning eng uzoq bosqichida gibrid-elektr kuch qurilmasi ikki soatdan ortiq vaqt davomida uzluksiz ishladi.

Ikki turdagi dvigatel bir tizimda ishlaydi


Loyihaning asosini GE Aerospace tomonidan ishlab chiqilgan megavatt toifasidagi gibrid-elektr kuch qurilmasi tashkil etadi. U yuqori kuchlanishli elektr tizimi bilan jihozlangan.

To‘liq elektr samolyotlaridan farqli ravishda, bu texnologiya an’anaviy gaz turbinali dvigatel hamda elektr dvigatelini birlashtiradi.

Parvozning turli bosqichlarida tizim ikki energiya manbai o‘rtasida yuklamani avtomatik taqsimlaydi. Bu yoqilg‘i sarfini kamaytirish bilan birga, tijoriy aviatsiya uchun zarur bo‘lgan parvoz xususiyatlarini saqlab qolish imkonini beradi.

Maxsus konstruksiya sinov uchun yaratildi


Eksperimental dvigatel Saab 340B samolyotining o‘ng tomoniga o‘rnatilgan maxsus motogondolaga joylashtirildi.

Bunday konstruksiya yuqori quvvatli elektr jihozlarini parvoz paytida samarali sovitish imkonini berdi.

Kompleks tarkibiga elektr dvigatellari, quvvat o‘zgartirgichlari, invertorlar, boshqaruv tizimlari, reduktorlar, havo vintlari, issiqlik almashtirgichlari, aylanish momentini o‘lchovchi datchiklar va elektr simlari kiradi. Ular an’anaviy CT7 turbovint dvigateli bilan birgalikda ishlaydi.

Akkumulyator batareyalarini BAE Systems yetkazib bergan bo‘lsa, motogondo konstruksiyasini Boeing kompaniyasiga qarashli Aurora Flight Sciences ishlab chiqqan.

Atlantika ustida ham gibrid rejimda parvoz qildi


GE Aerospace va BETA Technologies sinov uchuvchilari AQShda bir qator parvozlarni amalga oshirgach, samolyotni Atlantika okeani orqali Buyuk Britaniyaga olib o‘tdi.

Transatlantika parvozi davomida gibrid kuch qurilmasi doimiy ravishda gibrid rejimda ishladi.

Sinovlar vaqtida elektr dvigateli nafaqat havo vintini harakatga keltirdi, balki parvoz jarayonining o‘zida akkumulyator batareyalarini qayta zaryadlash uchun elektr energiyasi ham ishlab chiqardi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu muvaffaqiyat gibrid-elektr texnologiyalarini kelajakda tijoriy aviatsiyada keng joriy etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.