Amerikadagi JetZero startapi yo‘lovchi aviatsiyasida yangi bosqich bo‘lishi mumkin bo‘lgan Z4 avialaynerini ishlab chiqishni davom ettirmoqda. Loyiha 20–24 iyul kunlari Buyuk Britaniyaning Hempshir grafligida o‘tkazilgan Farnborough International Airshow xalqaro aviasalonida taqdim etildi.
Yangi samolyotga birinchi bo‘lib Bahrayn milliy aviakompaniyasi Gulf Air qiziqish bildirdi. Bu JetZero uchun nafaqat Yaqin Sharqdagi birinchi buyurtmachi, balki AQShdan tashqaridagi ilk hamkor ham hisoblanadi.
Shuningdek, Yaponiyaning Japan Airlines (JAL) aviakompaniyasi ham loyihaning dastlabki hamkorlaridan biriga aylandi. Hamkorlik doirasida JAL mutaxassislari samolyotni amaldagi parvozlarga moslashtirish ishlarida ishtirok etadi. Ular salonning tijoriy joylashuvini takomillashtirish, ekspluatatsiya tartiblarini ishlab chiqish, aeroportlarda teletraplar va to‘xtash joylarida samolyotning ishlashini baholash, yerda xizmat ko‘rsatish hamda texnik xizmat va ta’mirlash tizimini shakllantirish bo‘yicha o‘z tajribasini taqdim etadi.
Kaliforniyada joylashgan JetZero kompaniyasi ishlab chiqayotgan Z4 avialayneri 2030-yillar boshida tijorat parvozlarini boshlashi rejalashtirilgan.
Samolyot taxminan 250 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, bir marta yonilg‘i quyish bilan 9 260 kilometrgacha parvoz qila oladi. Ishlab chiquvchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi aerodinamik yechim tufayli yonilg‘i sarfi mavjud samolyotlarga nisbatan 30–50 foizgacha kamayadi.
Z4 modelida fyuzelyaj va qanotlar yagona ko‘taruvchi yuza sifatida loyihalashtirilgan. Bu konstruksiya samolyotning deyarli butun kengligi bo‘ylab ko‘taruvchi kuch hosil qilib, havo qarshiligini sezilarli darajada kamaytiradi. Shu bilan birga, yangi samolyot mavjud aeroport infratuzilmasini o‘zgartirishni talab qilmaydi.
Kompaniya ma’lum qilishicha, Z4 standart teletraplar va rulyoj yo‘laklaridan foydalana oladi. Keng fyuzelyaj esa yo‘lovchilarni tezroq chiqarish va chiqishini ta’minlaydi, shuningdek, salonni ham yo‘lovchilar, ham ekipaj uchun ancha keng va qulay qiladi.
Mutaxassislar fikricha, agar loyiha muvaffaqiyatli yakunlansa, Z4 so‘nggi o‘n yilliklarda fuqaro aviatsiyasidagi eng muhim texnologik yutuqlardan biriga aylanishi va uzoq masofali aviaqatnovlarni yanada tejamkor hamda ekologik jihatdan samarali qilishga xizmat qilishi mumkin.
JetZeroʻning yangi avlod samolyotiga ilk buyurtmalar qabul qilindi
09:183493 min
AQShning JetZero startapi «aralash qanot va fyuzelyaj» (blended wing body) texnologiyasi asosida yaratilayotgan yangi avlod yo‘lovchi samolyoti uchun ilk buyurtmachilarni jalb qildi. Loyihaga Bahraynning Gulf Air va Yaponiyaning Japan Airlines aviakompaniyalari qiziqish bildirgan.











