29 iyul kuni ertalab Astra va Exilenova+ Telegram-kanallari o‘zlarining ochiq manbalar tahlili (OSINT) hamda foydalanuvchilar yuborgan foto va videolarga tayanib, Ryazan viloyatining Tyushevo qishlog‘i yaqinidagi «Ryazanskiy» industrial parkida joylashgan Wildberries omborida yong‘in chiqqanini ma’lum qildi.

Wildberries matbuot xizmati esa xavfsizlik talablariga muvofiq Ryazan shahridagi logistika ob’yekti to‘liq evakuatsiya qilinganini bildirdi.

Ryazan viloyati gubernatori Pavel Malkinning ma’lum qilishicha, uchuvchisiz uchish apparatlari qoldiqlari tushishi oqibatida sanoat hududlarida yong‘in chiqqan. Biroq u qaysi korxona yoki korxonalar jabrlanganiga aniqlik kiritmadi.

Gubernatorning qayd etishicha, hodisa oqibatida olti kishi shifoxonaga yotqizilgan. Ular hayotiga xavf yo‘q va shifokorlar zarur tibbiy yordam ko‘rsatmoqda.

So‘nggi haftalarda Ukraina Qurolli kuchlari Wildberries kompaniyasining Rossiya va Rossiya tomonidan qo‘shib olingan Qrimdagi logistika markazlariga bir necha marta hujum uyushtirgani xabar qilingan. Ular orasida Moskva viloyati, Tambov viloyati, Sankt-Peterburg yaqini va Tver shahridagi omborlar ham bor.

25 iyul kuni Yekaterinburgda ham Ukraina dronlari hujumi ortidan Wildberries ombori yaqinidagi avtoturargohda yong‘in chiqqan, ammo omborning o‘zi zarar ko‘rmagan.

«Kommersant» gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur hujumlar natijasida marketpleysning umumiy maydoni 550 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan logistika quvvatlarining 10 foizdan ziyodiga zarar yetgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq Wildberries logistika markazlariga berilgan zarbalarni Rossiyaning Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga qilgan hujumlariga javob deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim logistika markazlari Rossiyada dronlar va navigatsiya uskunalari ishlab chiqarish uchun sanksiya ostidagi butlovchi qismlarni yetkazib berishda foydalanilgan.