Tadbirda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdilar.
Davlat rahbarlari Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlari va xalqlarining barqaror rivojlanishi, iqtisodiy taraqqiyoti, xavfsizligini ta’minlash hamda farovonligini yuksaltirishga doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
O‘zbekiston yetakchisi so‘zining avvalida norasmiy sammitni o‘tkazish tashabbusi va Issiqko‘l sohilidagi iliq qabul uchun Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovga ham Maslahat uchrashuvlari formatida samarali raislik qilayotgani uchun tashakkur izhor etildi.
Mintaqa mamlakatlari mustaqilligining 35 yillik bayramlarini nishonlash arafasida har birining davlatchilikni barpo etish, iqtisodiy o‘sish va milliy tiklanish borasida erishgan muvaffaqiyatlariga yuksak baho berildi.

– Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida ilgari tarqoq bo‘lgan Markaziy Osiyo bugungi kunda taraqqiyotning umumiy maqsadlari yo‘lida birlashmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisi murakkab va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan xalqaro voqelikni tahlil qilar ekan, uchrashuv ishtirokchilarini qat’iyat bilan harakat qilish va o‘zaro muvofiqlashuvni yanada kuchaytirishga chaqirdi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga qo‘shilishi o‘zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi – makromintaqaviy darajaga olib chiqmoqda.
– Biz uchun Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va yaqin qo‘shnimiz – Afg‘onistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot makonini shakllantirish borasida tarixiy imkoniyat ochilmoqda, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasida barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik va yaxshi qo‘shnichilik uchun mustahkam zamin yaratish maqsadida mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha nuqtai nazarini bayon qildi.
Avvalo, mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirishga o‘tish muhimligi ta’kidlandi. Uning tuzilishi hamkorlikning samarali institutlari, tarmoq idoralarining yaqin munosabatlari, hududlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalari hamda rivojlanishning asosiy yo‘nalishlaridagi uzoq muddatli qo‘shma dasturlarga tayanishi zarur.

















