Fiskal tahlillar instituti tomonidan 30 iyul kuni o‘tkazilgan Fiskal muloqotda 2027 yilgi soliq siyosati bo‘yicha qator takliflar taqdim etildi. Unda QQS, foyda solig‘i, aksiz, bank omonatlari, uglerod solig‘i va boshqa yo‘nalishlar yuzasidan tahlillar e’lon qilindi.
Biroq tadbir davomida resurs soliqlari, xususan yer qa’ridan foydalanganlik uchun olinadigan soliqlar bo‘yicha tadqiqotlar taqdim etilmadi.
“Soliqlar kamaydi, ammo gaz qazib olish hamon pasaymoqda”
Muhokama chog‘ida Kun.uz muxbiri institut vakillaridan 2017 yildan keyin neft-gaz sohasida joriy etilgan soliq imtiyozlari samaradorligi yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazilgan-o‘tkazilmaganiga aniqlik kiritishni so‘radi.
Savolda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari ayrim yirik investorlar uchun sezilarli darajada pasaytirilgan. Jumladan, neft va gaz qazib olish bilan shug‘ullanuvchi xorijiy investorlar, xususan Sanoat Energetika Guruhi (Saneg), Lukoil va boshqa yirik kompaniyalarga qator soliq preferensiyalari berilgan.
Shu bilan birga, avvalroq e’lon qilingan rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu imtiyozlar natijasida davlat byudjyeti trillionlab so‘m daromaddan voz kechgan.
Kun.uz muxbiri soliq yukining kamaytirilishiga qaramay, keyingi yillarda tabiiy gaz qazib olish hajmi izchil pasayib borayotganini eslatib, Fiskal institut bu imtiyozlarning iqtisodiy samaradorligini baholaganmi, degan savolni o‘rtaga tashladi.
Institut: resurs soliqlari bo‘yicha tadqiqotlar hali oldinda
Fiskal tahlillar instituti direktori Abbosbek Jo‘rayevning aytishicha, institut faoliyat boshlaganiga uch oy bo‘lgan va tadqiqotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha ikkinchi chorak davomida bajarilgan ishlar taqdim etilgan bo‘lsa, resurs soliqlari ham institutning navbatdagi tadqiqot yo‘nalishlari qatoriga kiritilgan.
Jo‘rayevning bildirishicha, institut har bir soliq imtiyozining samaradorligini baholash metodologiyasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Baholashda imtiyozlarning iqtisodiy va ijtimoiy samarasi, muayyan tarmoqlar rivojiga ta’siri hamda aholini qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rni hisobga olinadi.
















