Da’vogar 25 ta shtat argumentlariga ko‘ra, Oq uyning yana tariflarga intilishi noqonuniy, ma’muriyat asoslarni yetarlicha ko‘rsatmayapti hamda ushbu tariflar AQSh bizneslari va iste’molchilariga jiddiy zarar yetkazmoqda.
Ishni o‘tgan gal Oliy sud ko‘rgan, bu gal esa demokratlar boshqaruvidagi 25 shtat AQSh savdo sudiga murojaat qildi.
Tramp 2025-yildan boshlab dunyoning ko‘plab davlatlariga qarshi keng ko‘lamli bojlar joriy qilgan edi. Ammo 2026-yil fevralida AQSh Oliy sudi prezidentning tariflari qonuniy vakolatdan tashqariga chiqqan degan qarorga keldi.
Shundan keyin Tramp ma’muriyati avvalgi tariflarni boshqa huquqiy asos bilan qayta tiklashga urindi. Bu safar ular 1974-yildagi Trade Act, ya’ni savdo shartnomasining 301-bo‘limiga tayandi.
Shundan kelib chiqib, Oq uy 59 savdo hamkor davlatlari va Yevropa Ittifoqiga ikki xonali raqamlarda, ya’ni 10-12,5 foizda bojlarni e’lon qildi. Tramp ma’muriyati bu ishini ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish zarurati bilan yopmoqda. Bundan tashqari, Oq uyga ko‘ra, majburiy mehnatning oldini olish, xalqaro ta’minot zanjirlaridagi mehnat huquqlarining buzilishini kamaytirish uchun bojlar e’lon qilingan.
“Oliy sudda yutqazgandan so‘ng, ma’muriyat yana bir bor oilalar va bizneslarga soliqlarni yangi tariflar bilan noqonuniy ravishda oshirishga harakat qilmoqda”, deydi Nyu York bosh prokurori Letitiya Jyeyms.
Dushanba kunidan boshlangan sud jarayonida Nyu Yorkka Arizona, Kaliforniya, Kolorado, Konnektikut, Delaver, Gavayi, Illinoys, Kentukki, Massachusets, Merilend, Men, Michigan, Minnesota, Nevada, Nyu Jyersi, Nyu Meksiko, Shimoliy Karolina, Oregon, Pensilvaniya, Rod-Aylend, Virjiniya, Vermont, Vashington va Viskonsin shtatlari qo‘shilgan.
Yuqori tariflar Amerika ishlab chiqarishini jonlantirishini ta’kidlaydigan Tramp o‘tgan yili AQShning o‘nlab yillar davomida past tariflar va tobora erkinroq savdoni qo‘llab-quvvatlagan siyosatini bekor qildi.
1977-yilgi Xalqaro favqulodda iqtisodiy kuchlar to‘g‘risidagi qonunni qo‘llab-quvvatlab, u deyarli barcha mamlakatlardan import qilinadigan tovarlarga ikki xonali tariflarni joriy qildi.
Ammo Oliy sud 1977-yilgi qonun tariflarni tasdiqlamagani haqida qaror chiqardi. Ushbu qaror ma’muriyatni tariflarni to‘lagan importchilarga qaytarib berishga majbur qildi. Yo‘qotilgan daromadni qoplashni istagan Tramp vaqtinchalik 10 foiz global tariflarga murojaat qildi. Ammo ular ham ishlamadi.
Tramp o‘zining birinchi muddatida Xitoyga katta tariflarni qo‘llash uchun 1974-yilgi qonunning 301-bo‘limidan foydalangan va bunga sud qarshilik qilolmagandi.
Ma’muriyat majburiy mehnat tariflarini joriy qilish uchun 301-bo‘limni qo‘lladi, bu tariflar 10 foizdan 12,5 foizgacha bo‘lgan va Amerika importining 99 foizini ta’minlaydigan mamlakatlarga ta’sir qiladi.
“Qo‘shma Shtatlar AQSh savdosiga yuk bo‘lgan asossiz harakatlar, siyosat va amaliyotlarni bartaraf etish uchun o‘zining qonuniy vakolatlaridan foydalanmoqda”, dedi Oq uy vakili Kush Desai.
Nyu York yuridik maktabining Xalqaro huquq markazi professori va hamdirektori Barry Eppltonning aytishicha, Trampning birinchi ma’muriyatida aynan 301-bo‘lim qo‘llangan, hozir ham shundan mohiyatan ko‘chirmachilik qilinyapti. Demak, sudda bu qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.
Prezidentlar savdo qonunining ayni shu bo‘limidan o‘nlab yillar davomida foydalanib kelishgan va Kongress uni haqiqiy himoya vositalari bilan yozgan: tergov, maslahatlashuv, ommaviy yozuvlar bilan. Hukumat endi vakolatim yo‘q-bor demaydi, men buni Kongress chizgan qonun bilan qildim, deydi. Shuning uchun ham sudda yutish qiyin bo‘ladi, deydi Epplton o‘z tahlilida.










