Visual Capitalist tomonidan e’lon qilingan infografikada 2025-yil uchun V-Dem Akademik erkinlik indeksi asosida dunyo mamlakatlarida universitetlar va ilmiy muassasalar davlat hamda boshqa institutlar aralashuvidan qay darajada himoyalangani ko‘rsatilgan.

Tadqiqotga ko‘ra, akademik erkinlik bo‘yicha eng yuqori natijani Chexiya qayd etgan. Mamlakat 0,98 ball bilan reytingda birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyin Estoniya (0,97), Belgiya (0,95) va Sloveniya (0,94) joylashgan.



Reytingning yuqori qismi deyarli to‘liq Yevropa davlatlaridan iborat. Shu bilan birga, Chili va Kosta-Rika ham ko‘plab iqtisodiy jihatdan boy davlatlarni ortda qoldirib, yetakchilar qatoriga kirgan. Mutaxassislar buni Lotin Amerikasining qator mamlakatlarida universitetlar avtonomiyasi Konstitutsiya darajasida kafolatlangani bilan izohlaydi.

Yamayka va Seyshel orollari ham yuqori o‘rinlarni egallagan. Bu akademik erkinlikni ta’minlashda iqtisodiy qudratdan ko‘ra, mustaqil institutlar va huquqiy kafolatlar muhimroq ekanini ko‘rsatadi.

Reytingning quyi qismida Xitoy, Eron, Myanma va Nikaragua qayd etilgan. Ushbu mamlakatlarda olimlar va universitetlar faoliyati qat’iy davlat nazorati ostida ekani ta’kidlanadi. Xususan, Xitoyda auditoriyalarda videokuzatuv tizimlari, talabalar orqali axborot to‘plash amaliyoti va kuchli mafkuraviy nazorat joriy qilingani sababli so‘nggi o‘n yilda akademik erkinlik qariyb 40 foizga qisqargan.

Hindiston ham akademik erkinlik eng tez pasaygan davlatlardan biri sifatida qayd etilgan. Bosh vazir Narendra Modi rahbarligi davrida maktab darsliklariga o‘zgartishlar kiritilgan, mamlakat tarixining ayrim bo‘limlari qayta yozilgan. Rasmiy siyosatga zid fikr bildirgan olimlar esa bosim va tahdidlarga duch kela boshlagan.

Oliy ta’lim tizimidagi muammolarga 2026-yilda NEET-UG tibbiyot yo‘nalishiga qabul imtihoni savollari tarqalib ketgani uchun bekor qilinganidan keyin boshlangan ommaviy talabalar namoyishlari ham e’tiborni kuchaytirdi. Bu noroziliklar mamlakat ta’lim vaziri Dxarmendra Pradxanning iste’fosiga ham sabab bo‘lgan.

Mualliflar ta’kidlashicha, tadqiqot akademik erkinlik darajasi ko‘pchilik o‘ylaganidek sekin emas, balki siyosiy qarorlar va qonunchilikdagi o‘zgarishlar ta’sirida bir necha yil ichida ham sezilarli darajada o‘zgarishi mumkinligini ko‘rsatadi. Hatto ko‘p yillik universitet an’analariga ega davlatlarda ham ilmiy mustaqillik qisqa vaqt ichida kuchayishi yoki aksincha, cheklanishi mumkin.