Turkiya parlamenti 10-avgust kuni taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi a’zolari uchun cheklangan va muayyan shartlarga bog‘langan amnistiyani nazarda tutuvchi qonunni qabul qildi.

Ovoz berishda 468 nafar deputat qonunni qo‘llab-quvvatladi, 88 nafar deputat qarshi ovoz berdi, yana olti nafar deputat betaraf qoldi.

AFP agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi qonun KIP a’zolariga qurolli faoliyatdan voz kechib, Turkiyada tinch hayotga qaytish imkonini beruvchi huquqiy mexanizmni yaratadi.

Hujjatga muvofiq, ayrim jinoyatlar bo‘yicha jinoiy ta’qib va tayinlangan jazolarning ijrosi besh yildan o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga to‘xtatib turilishi mumkin.

Agar shaxs ushbu davr mobaynida yangi jinoyat sodir etmasa, unga nisbatan olib borilayotgan tergov tugatiladi, tayinlangan jazo esa o‘talgan deb hisoblanadi.

Biroq qotillik kabi og‘ir jinoyatlarga aloqador shaxslar ushbu tartibdan foydalana olmaydi.

Turkiya deputatlari ma’lumotlariga ko‘ra, qonunni amalga oshirishning birinchi bosqichida mamlakat qamoqxonalarida saqlanayotgan KIPning qariyb 10 ming nafar sobiq tarafdoridan taxminan 3,5 ming nafari ozod qilinishi mumkin.

Shu bilan birga, amnistiya shartlari avtomatik ravishda kuchga kirmaydi. Avvalo Turkiya xavfsizlik idoralari KIP va unga bog‘liq tuzilmalar tarqatilgani hamda ular qurollarini topshirganini tasdiqlashi kerak.

Ushbu xulosa Turkiya Milliy xavfsizlik kengashi tomonidan ma’qullanishi va rasmiy nashrda e’lon qilinishi lozim.

O‘jalan masalasi ochiq qoldi

Yangi qonunda Kurdiston ishchilar partiyasi asoschisi Abdulla O‘jalanning kelgusi taqdiriga oid alohida qoida belgilanmagan.

O‘jalan 27 yildan buyon qamoqda saqlanmoqda. KIP vakillari esa uni ozod qilmasdan turib, qonunning ko‘plab qoidalari kutilgan natijani bermasligini bildirgan.

Erdo‘g‘an ma’muriyati qonunni «muhim signal» deb atadi

Qonun loyihasini prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi deputatlari, uning ittifoqchisi - Millatchi harakat partiyasi hamda kurdparast muxolifatdagi DEM partiyasi vakillari qo‘llab-quvvatladi.